Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari aniqlandi
16:37 / 2025-10-13

Joel Mokir, Filipp Agion va Piter Xovit iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari bo‘lishdi, deya xabar bermoqda “CNN” nashri.

Ta’kidlanishicha, olimlar innovatsiyaga asoslangan iqtisodiy o‘sishni tushuntirib berganliklari uchun mukofotga loyiq ko‘rilgan.

Mukofotning yarmi Joel Mokirga — texnologik taraqqiyot orqali barqaror o‘sishning shartlarini aniqlab bergani uchun, qolgan yarmi esa Filipp Agion va Piter Hovitga — “ijodiy buzilish” nazariyasi orqali barqaror iqtisodiy o‘sishni izohlab berganlari uchun topshiriladi.

Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlangan iqtisodiy fanlar bo‘yicha mukofot sovrindorlariga 11 million shved kronasi (1,2 million AQSH dollari) beriladi. 

– Laureatlar bizga barqaror o‘sishni oddiy hol deb bo‘lmasligini tushuntirib berishdi. Iqtisodiy o‘sish emas, balki turg‘unlik insoniyat tarixining ko‘p qismida odatiy hol bo‘lib kelgan. Ularning ishi shuni ko‘rsatadiki, biz o‘sishni davom ettirish uchun tahdidlardan xabardor bo‘lishimiz va ularga qarshi turishimiz kerak, - deyiladi  mukofot ta’sischilari bayonotida.

Mokir AQSHning Evanston shahridagi Shimoli-g‘arbiy universiteti professori, Agion Parijdagi College de France va INSEAD hamda Buyuk Britaniyadagi London iqtisodiyot va siyosatshunoslik maktabi professori, Xovit esa Qo‘shma Shtatlarning Braun universiteti professori.

Avvalroq, tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik yo‘nalishlarida 2025 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari haqida ma’lumot bergan edik.

O‘tkir Mirzo, O‘zA