Strategik sheriklikda yangi imkoniyatlar
Xalqaro hamkorlik
Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni tarkibidagi Bortala-Mongol avtonom okrugi (Bochjou) bugungi kunda Yevrosiyo makonidagi muhim transport va savdo bog‘lamlaridan biri sifatida tobora ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hudud geografik jihatdan Yevrosiyo qit’asining ichki qismida joylashgan bo‘lib, g‘arb tomondan Qozog‘iston bilan chegaradoshdir. Chegaraning 372 kilometrga cho‘zilishi uni xalqaro savdo va tranzit uchun qulay hududga aylantirgan. Ayniqsa, Bochjou “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusining muhim bo‘g‘ini sifatida o‘rta yo‘lakda joylashgani bilan ajralib turadi.

Hudud orqali Ikkinchi Yevrosiyo qit’alararo temir yo‘l magistrali, Xitoy – Qozog‘iston neft quvuri, shuningdek, “G‘arb-Sharq” gaz quvurining ikkinchi tarmog‘i o‘tgani uning transport-logistika salohiyatini yanada oshirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqalararo iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Xususan, transport, logistika, energetika va savdo sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar bu hamkorlikning amaliy ifodasidir. Shu nuqtai nazardan, Bochjou kabi hududlar Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda Bochjouning yalpi hududiy mahsuloti 54 milliard yuanga yaqinni tashkil etgan bo‘lib, o‘sish sur’ati 8,6 foizga teng bo‘lgan. Bu raqamlar hududdagi iqtisodiy faollik yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Tabiiy sharoiti ham o‘ziga xos bo‘lgan mazkur hudud “ikki ko‘l va uch tog‘” relefi bilan ajralib turadi. Bu yerda davlat va mintaqaviy darajadagi qo‘riqxonalar tashkil etilgani ekologik barqarorlikka alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Qisqacha aytganda, Bortala-Mongol avtonom okrugi nafaqat Xitoyning g‘arbiy hududlaridan biri, balki xalqaro savdo, transport va iqtisodiy hamkorlik nuqtai nazaridan muhim strategik makon sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarini yanada mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA