Yurtimizda xorijiy investitsiya ishtirokida 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yurityapti
Qayd etilishicha, lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Shu bilan birga, yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanyapti.
— Nega buni aytyapman? Bularning mablag‘i, tadbirkorlik ko‘nikmasi, ichki va tashqi bozorda hamkori, ko‘pchiligida brendi bor, —dedi Prezidentimiz.
Ushbu korxonalar bilan gaplashib, chetdan o‘z mahsulotini olib kelib sotayotganlariga shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi uchun loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lab, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, mahsulotini ichki bozorda sotayotganlariga eksportga chiqish uchun nima yordam kerakligini o‘rganish muhim ekani ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA