Iqtisodiy o‘sish sur’atlari tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilab olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-aprel kuni joriy yilning birinchi choragida hudud va tarmoqlardagi iqtisodiy o‘sish tahlili va yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida joriy yilning birinchi choragida erishilgan makroiqtisodiy natijalar ko‘rib chiqildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sdi. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiyalar hajmi 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaydi.
Buning hisobiga yanvar-mart oylarida byudjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 103 trillion so‘mga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qo‘shimcha 2 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ shakllandi. Muhimi, shundan 1 trillion 400 milliard so‘mi tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirildi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotni xalqaro miqyosda yangi bosqichga olib chiqish uchun tizimli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Jumladan, kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqarilishi qayd etildi. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasi tashkil etilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvi nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasiga berilgani bilan bog‘liq.

O‘tgan hafta Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’lon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali O‘zbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yil mamlakatimiz nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz birinchi chorakdagi natijalarga mahliyo bo‘lib, xotirjamlikka berilish mutlaqo noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar va yetakchilik uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda dunyo iqtisodiyoti avvalgidek “sokin” bo‘lmasligi, bunday vaziyatda barcha rahbarlar o‘z ish uslubi, yondashuvi va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishi zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish masalalari alohida tahlil qilindi. Joriy yil banklar orqali ushbu yo‘nalishga 140 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Kichik biznesga berilgan har 1 milliard so‘m kredit hisobiga Shirin shahrida 20 ta, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan, Tomdi tumanida 13 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Biroq Uchko‘prik, Piskent, Bo‘stonliq, Karmana, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida 1 milliard so‘mlik kreditga o‘rtacha 3 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda.

Shu bois, kredit resurslarini taqsimlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Soha mas’ullariga tuman banklarini sun’iy intellekt bilan ishlashga o‘qitishni boshlash, banklarda “Sun’iy intellekt maslahatchisi” platformasini ishga tushirish topshirildi. Bu platforma tadbirkorlarga kredit olish uchun loyihaning parametrlari, risklari va bozordagi talabni tahlil qilib, tayyor yechimlar berishi kerakligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlar bilan ishlashdagi kamchiliklar ham keskin tanqid qilindi. Ayrim rahbarlar tadbirkor muammosini hal qilish o‘rniga mas’uliyatdan qochayotgani, masala respublika darajasiga chiqqach, o‘zini oqlash bilan ovora bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Nurafshon shahrida byurokratik to‘siqlar sababli ikki yildan beri qurilishni boshlay olmayotgan tadbirkorga yordam berish o‘rniga bu ma’lumot Prezident darajasiga qanday yetib borganini qidirish bilan ovora bo‘lingani tanqid qilindi. Shuningdek, G‘uzor, Narpay, Urganch, Yangi yo‘l, Chinoz tumanlarida tadbirkorlik infratuzilmasi uchun ajratilgan 262 milliard so‘m mablag‘ bo‘la turib, loyihalar boshlanmagani qayd etildi. Tegishli viloyat hokimlariga bunday rahbarlarning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda inflyatsiyani jilovlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari iqtisodiyot o‘sgani bilan agar inflyatsiya ham oshsa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy o‘zgarish sezilmasligini ta’kidladi.

Yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foizga oshdi. Ziddiyatlar oqibatida logistika koridorlari o‘zgarib, mahalliy mahsulotlar eksporti va asosiy iste’mol tovarlari importida tashish xarajatlari 25-30 foizga ko‘paymoqda. Bu ichki narx-navoga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirmoqda.
Shu bilan birga, tashqi bosimlarni bahona qilib, inflyatsiya bo‘yicha ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik kerakligi ta’kidlandi. Iste’mol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy ekani qayd etilib, mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish va narxlarni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Logistikadagi uzilishlar oqibatida birinchi chorakda qoramol importi ikki karra kamaygan. Bunga tezkor yechim sifatida samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha, go‘sht importida esa transport xarajatining yarmini qoplash yo‘lga qo‘yildi.
Ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga qaysi yo‘nalishda to‘siq bo‘lsa yoki yuk to‘xtab qolsa, tadbirkorlar murojaat qilishini kutmasdan, onlayn monitoring orqali tezkor yechim berish topshirildi.

Hududlarda 478 ming gektarda ozuqa ekinlari ekilishi rejalashtirilgan. Lekin Namanganda ozuqa yerlarining 74 foiziga haligacha ekin ekilmagani, chorvachilikda imkoniyati yuqori bo‘lgan Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dodda ham ishlar qoniqarsiz ekani tanqid qilindi.
Yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish belgilangan. Mazkur yerlarni tezkor auksionga chiqarib, ekin ekish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sanoat plantatsiyalari tashkil etadigan tadbirkorlarga imtiyoz va moliyaviy resurslar berilayotgani qayd etilib, viloyat hokimlariga bu yil kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini namunali tashkil etish topshirildi.
Yig‘ilishda sanoat va eksport masalalari ham tanqidiy tahlil qilindi. Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur va Sergeli tumanlari sanoat prognoziga chiqa olmagani qayd etildi. Ushbu 13 ta tuman hokimiga rejaga qancha yetmaganiga qarab intizomiy chora ko‘rish topshirildi.
Ichki bozorda mis taklifi ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, qayta ishlash oyiga 6 ming tonnadan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Oqibatda birinchi chorakda elektrotexnika sohasida sanoat o‘sishi prognozdagi 11,2 foiz o‘rniga 7,8 foizni tashkil qildi, eksport prognozi esa 57 foizga bajarildi.

Mutasaddilarga ishlab chiqarishi va eksporti kamaygan har bir korxonaga borib, eksportni moliyalashtirish hamda investitsiya loyihalari bo‘yicha muammolarni joyida hal qilish topshirildi. Ikkinchi chorak yakuni bilan sohada ishlab chiqarishni 25 trillion so‘mga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Korxonalarda resurs samaradorligi va mehnat unumdorligini oshirish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Ko‘p davlatlar sanoat va servisda “Kayzen”, “Lean production” kabi progressiv usullarni qo‘llayotgani, mamlakatimizda ham 50 ga yaqin tadbirkor bunday yondashuvlarni joriy etishni boshlagani aytildi. Biroq bu yetarli emasligi qayd etilib, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or dasturlarni joriy etish, buning uchun 30 million dollar grant jalb qilish topshirildi.
Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. So‘nggi olti oyda 908 ta tadbirkor 3 milliard 600 million dollarlik shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, hamkorlardagi vaziyat o‘zgargani sababli eksportni boshlay olmagan. Ayrim hokimlar esa ularga yordam berish o‘rniga vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘ygan.
Oqibatda birinchi chorakda eksport Norin, Kasbi, Sherobod, Yozyovon va Denovda 2 karradan ziyod kamaygan. Shahrisabz, Uchquduq, Parkent, Toshkent tumanlari, Jizzax, Navoiy, Namangan, Angren, Bekobod va Nurafshon shaharlarida esa eksport rejasi 70 foizga ham yetmagan. Ushbu hudud rahbarlari birinchi yarim yillikda o‘sishni ta’minlamasa, qat’iy xulosa qilinishi ma’lum qilindi.

Sanoat zonalaridan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Byudjet hisobidan yo‘l, elektr va suv infratuzilmasi olib borilgan 226 ta sanoat zonasidagi 213 gektar maydonda haligacha loyiha boshlanmagani tanqid qilindi. Shu bilan birga, 27 ta sanoat zonasida loyihalar joylashtirilgan bo‘lsa-da, infratuzilma yetib bormagan.
Viloyat hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga infratuzilmasi bor sanoat zonalaridagi bo‘sh yerlarga joylashtiriladigan loyihalar portfelini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Davlat idoralarini ixchamlashtirish va biznes uchun yangi maydonlar ochish masalasi ham muhokama qilindi. Tumanlardagi markaziy ko‘chalar va aholi gavjum joylarning katta qismida davlat idoralari joylashgani qayd etildi. “Ko‘kdala tajribasi” asosida 19 ta tuman va shaharda davlat idoralarini yagona ma’muriy markazga ko‘chirish boshlanmoqda.
Mazkur ishlarni barcha tumanlarda tashkil etish orqali davlat idoralarida yiliga 1 milliard 800 million kilovatt-soat elektr va 340 million kub metr gaz tejalishi, biznes uchun 5 million kvadrat metr joy ochilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu maqsadda besh yillik dastur tayyorlash, joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga ko‘chirishni boshlash topshirildi. Yangi ma’muriy markazlar qurishda har bir xodimga to‘g‘ri keladigan maydon o‘rtacha 15 kvadrat metrdan oshmasligi belgilandi.

Investitsiya loyihalari sifatiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari har bir yangi loyiha, har bir dollar sarmoya faqat va faqat qo‘shilgan qiymat, yuqori daromadli ish o‘rni va eksportni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi. Barcha rahbarlar uchun investitsiya sifati asosiy mezon bo‘lishi shartligi qayd etildi.
Ushbu loyihalar ishga tushirilganidan keyin ularni monitoring qilish platformasi yaratilgan. Masalan, oxirgi uch yilda ishga tushgan 688 ta korxonadan 210 tasi quvvatidan to‘liq foydalanmayotgani aniqlangan. Oqibatda 33 trillion so‘mlik ishlab chiqarish boy berilgan, 23 ming ish o‘rni bo‘sh turibdi.
Mutasaddilarga ushbu 210 ta korxona kesimida “yo‘l xaritasi” tuzib, muammolar yechimi bo‘yicha aniq muddat va mas’ullarni belgilash topshirildi.
Joriy yilda 53 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Prezidentimiz rahbarlar birinchi qadamdanoq to‘g‘ri loyiha tanlab, unga mos salohiyatli investor topsagina, investitsiyada sifat bo‘lishini ta’kidladi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida mavjud quvvatlar, ichki va tashqi bozordagi talabni o‘rganib, qaysi hududda qanday loyiha qilish bo‘yicha yechim beradigan platformani ishga tushirish topshirildi. Investorlar va konsalting kompaniyalariga ushbu platformadan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun sharoit yaratiladi.
Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar faoliyati ham tahlil qilindi. Yurtimizda bunday 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan. Yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanmoqda.
Ular bilan ishlab, chetdan mahsulot olib kelib sotayotgan korxonalarga shu yerning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar taklif qilish, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lash, ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish, ichki bozorda ishlayotgan korxonalarga eksportga chiqishda ko‘mak berish zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda “Aqlli tuman” platformasi va vaziyat-tahlil markazlari tajribasini kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Davlatimiz rahbari kecha Mirzo Ulug‘bek tumanidagi situatsion-tahlil markazida mazkur platforma qanday tashkil qilingani bilan tanishgani qayd etildi. Bugun barcha viloyat hokimlari ushbu tumanga borib, yangi tizim qanday ishlayotgani, mahallalar qiyofasi va qurilishlar holati bilan tanishdi.

Viloyat hokimlariga ikki oyda ushbu tajriba asosida viloyat markazlari va yirik shaharlarda xuddi shunday situatsion-tahlil markazlarini ishga tushirish topshirildi.
Davlatimiz rahbari barcha darajadagi rahbarlar bugungi murakkab vaziyatda natija uchun shaxsan mas’ul ekanini ta’kidladi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, inflyatsiyani jilovlash, ish o‘rinlari yaratish, eksportni ko‘paytirish, investitsiya sifati va tadbirkorlar muammolarini hal qilish har bir rahbar faoliyatining asosiy mezoni bo‘lishi belgilandi.
Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari tinglandi.