Said Al-Hasaniy: O‘zbekiston – Ko‘rfaz Arab davlatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ko‘prik
Yaqinda poytaxtimizda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz Arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) tahliliy markazlari forumi bo‘lib o‘tdi. “O‘zgaruvchan mintaqaviy tartib sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz davlatlari hamkorligining dolzarb masalalari” mavzusidagi mazkur ikkinchi yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Saudiya Arabistoni “Gulf Research Center” tadqiqot markazi tomonidan tashkil etildi.
Konferensiyada Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Ko‘rfaz davlatlari yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, diplomatlar va ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zA muxbiri anjumanning ahamiyati, tahlil markazlari hamkorligi, shuningdek istiqboldagi rejalar xususida O‘mon Sultonligi Maslahat Kengashi a’zosi Ali Xalfon Said Al-Hasaniy bilan qisqa suhbat uyushtirdi.
– Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari tahlil markazlarining mintaqalararo hamkorlik bo‘yicha yanada barqaror institutsional asos shakllantirishdagi ahamiyatini qanday baholaysiz?
– Bugungi kunda Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari tahlil markazlari faoliyati mintaqalararo hamkorlikning barqaror institutsional arxitekturasini shakllantirish vositasi sifatida tubdan yangi ahamiyat kasb etmoqda. Aslida, gap shunchaki ekspertlar darajasida fikr almashish haqida emas, balki ikki mintaqa strategik sherikligining intellektual infratuzilmasini shakllantirish haqida ketmoqda.
Birinchidan, tahlil markazlari sherikligi Eron va Afg‘oniston atrofidagi vaziyat ta’siri va global logistika yo‘nalishlari transformatsiyasini o‘z ichiga olgan asosiy xavfsizlik tahdidini idrok etish imkonini beradi. Zamonaviy sharoitda iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik mintaqaviy barqarorlik masalasi bilan chambarchas bog‘lanib, aynan ekspert platformalari ayni masalaga uzoq muddatli yondashuvlarni kelishish mexanizmiga aylanmoqda.
Ikkinchidan, tadqiqot tuzilmalari o‘rtasidagi muntazam muloqot siyosiy bayonotdan amaliy tashabbusga o‘tish uchun zamin yaratadi. Xususan, mintaqalar hamkorligining doimiy muvofiqlashtiruvchi mexanizmi, jumladan xavfsizlik, investitsiya va transport zanjiri masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan formatlar yaratish mavzusi muhokama qilinmoqda. Bunday tashabbuslar ekspertlar darajasidagi hamkorlikni “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” – KADHK formatini tizimlashtirishning tayanch vositasiga aylantirishga qodir.
Uchinchidan, qo‘shma tadqiqotlar hukumatlar uchun energetika, infratuzilma, oziq-ovqat xavfsizligi va gumanitar sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kelishilgan tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi. Bu ayniqsa har ikki mintaqa tranzit yo‘nalishlari beqarorligidan tortib, geoiqtisodiy raqobat kuchayishigacha bo‘lgan umumiy xatarlarga duch kelayotgan sharoitda muhim ahamiyatga ega.
Nihoyat, O‘zbekiston tahlil tuzilmalarining bu jarayondagi ishtiroki tizimni shakllantiruvchi vazifasini o‘taydi. Aynan O‘zbekiston bugungi kunda mintaqalar o‘rtasida ekspert muloqotini tizimga solish, uzoq muddatli sheriklikning barqaror asosini bosqichma-bosqich shakllantirayotgan muntazam tahliliy forumlar formatini ilgari surishning asosiy tashabbuskori sifatida maydonga chiqmoqda.
Shu tariqa tahliliy markazlar sherikligi strategik ishonchni shakllantirish va mintaqalararo hamkorlikning kelishilgan kun tartibini ishlab chiqishning eng muhim mexanizmiga aylanmoqda.
– Ma’lumki, bugungi kunda Ko‘rfaz mamlakatlari o‘z tashqi iqtisodiy-siyosiy strategiyasini faol qayta ko‘rib chiqmoqda. Mazkur keng ko‘lamli transformatsiyaning bir qismi sifatida Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish nechog‘li ahamiyatga ega?
– Ko‘rfaz mamlakatlarining Markaziy Osiyo bilan hamkorligi faollashuvi tashqi siyosatning bir martalik ko‘rinishi emas, balki keyingi rivojlanish modeliga o‘tish bilan bog‘liq tashqi iqtisodiy strategiyaning, keng ko‘lamli transformatsiya jarayonining bir qismidir.
Avvalo, KADHK davlatlari Saudiya Arabistonida “Vision-2030” va BAAda “We the UAE-2031” kabi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli milliy dasturlar amalga oshirmoqda. Bunday sharoitda investitsiya kiritishning yangi yo‘nalishlarini izlash ob’ektiv zaruratga aylanmoqda. Zero, mintaqa mamlakatlarida yalpi ichki mahsulotning 40-50, eksport tushumining 70 foizgacha qismi hanuz neft-gaz sektoriga bog‘liq.
Markaziy Osiyo bu borada uzoq muddatli kapitalni joylashtirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida ko‘riladi. Mintaqa yillik 4-6 foiz darajasidagi barqaror iqtisodiy o‘sish sur’ati bilan 550-600 milliard dollardan ortiq YAIM, 80 milliondan ziyod aholiga ega. Ayni ko‘rsatkich Ko‘rfaz mamlakatlari sarmoyaviy ishtirokini kengaytirish uchun jozibador asosni shakllantirgan.
Oziq-ovqat mahsulotlarining 85 foizini import qiladigan KADHK davlatlari uchun oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash o‘ta dolzarb masala. Shu bois mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotib olish barobarida Markaziy Osiyo agrar sektoriga sarmoya kiritish orqali ta’minot zanjirini nazorat qilishga ham qiziqish bildirmoqda.
Ko‘rfaz davlatlari 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish loyihalariga 150 milliard dollardan ko‘p sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Bu mablag‘ning salmoqli qismi Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekistonga yo‘naltirilishi mumkin.
Bundan tashqari geosiyosiy noaniqlik kuchayib borayotgan sharoitda KADHK mamlakatlari investitsiya oqimini diversifikatsiya qilishga intilyapti. Avval mintaqada xorijiy investitsiyaning qariyb 60 foizi AQSH va Yevropa hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunda esa qiziqish asta-sekin rivojlanayotgan mintaqalar, jumladan Markaziy Osiyoga qarab siljiyotgani kuzatilmoqda.
Ya’ni, Markaziy Osiyo bilan hamkorlik Ko‘rfaz mamlakatlari yangi tashqi iqtisodiy geografiyasini shakllantirishda muhim hududga aylanmoqda.
– O‘zbekistonning mintaqalar aro transport va iqtisodiy bog‘liqlikni rivojlantirishdagi salohiyati hamda Ko‘rfaz mamlakatlari investitsiya doiralarining Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka qiziqishi ortishiga ta’sirini qanday baholaysiz?
– O‘zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz mamlakatlari o‘rtasida transport va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikning yangi arxitekturasini shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Mamlakatning ahamiyati geografik, iqtisodiy va institutsional omillarning birikmasi bilan belgilanadi.
Avvalo, O‘zbekiston mintaqalar o‘rtasida muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirishning asosiy tashabbuskorlaridan biri sifatida maydonga chiqmoqda. Bu borada Markaziy Osiyoning Hind okeani portlariga eng qisqa yo‘l bilan chiqishini ta’minlash, yuk yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartirishga qodir Transafg‘on transport yo‘lagi loyihasini ilgari surish alohida ahamiyatga ega.
Bunday yo‘nalishlarni rivojlantirish dengiz tashuvi narxi oshishi va Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan an’anaviy logistika yo‘nalishi beqarorligi fonida ayniqsa dolzarb. Shu bois yuk tashish narxi 80 foizgacha qimmatlashishi va sug‘urta xarajati ikki barobar ortishi sharoitida Ko‘rfaz mamlakatlarining Markaziy Osiyo orqali muqobil transport aloqalarini shakllantirishga qiziqishi ortmoqda.
Qolaversa, O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sish sur’ati va davlat boshqaruvi tizimining izchil modernizatsiyasi tufayli Ko‘rfaz mamlakatlari sarmoyasi uchun eng jozibador yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Xalqaro moliya institutlari bahosiga ko‘ra, yaqin yillarda mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi 6,7-6,8 foiz atrofida saqlanib qoladi.
Energetika sohasida “Masdar” va “ACWA Power” kompaniyalarining qayta tiklanuvchi energetika loyihalarini amalga oshirishdagi ishtiroki muhim omil bo‘lib, bu uzoq muddatli texnologik sheriklik uchun zamin yaratdi.
Ta’kidlash joiz, KADHK mamlakatlari bilan transport bog‘liqligi va investitsiya hamkorligikengayishi ko‘p jihatdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatni Yevrosiyoning muhim logistika va investitsiya markaziga aylantirishga qaratilgan izchil tashqi iqtisodiy strategiyasi bilan bog‘liq.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston asta-sekin mintaqalararo hamkorlikning asosiy tranzit va investitsiya markaziga aylanmoqda.
– Sizningcha, o‘zgaruvchan mintaqaviy tartib sharoitida Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida strategik, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishda O‘zbekiston qanday rol o‘ynashi mumkin?
– Mintaqaviy tartib transformatsiyasi sharoitida O‘zbekistonning Ko‘rfaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligini rivojlantirishdagi roli tizimni shakllantiruvchi xususiyatga ega.
Avvalo, mamlakat mintaqalararo muloqotni institutsionalizatsiya qilishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida maydonga chiqmoqda. Muntazam tahliliy forumlar o‘tkazilishi, “Markaziy Osiyo – KADHK” formati ilgari surilishi va tuzilma Ozarbayjon hisobiga kengaytirilishi ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi platformasi shakllanayotganidan dalolat.
Umuman, O‘zbekistonning barcha asosiy kuch markazlari bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish va sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosiy kursi Ko‘rfaz mamlakatlari tomonidan mintaqaning barqarorligi va bashorat qilinuvchanligi omili sifatida qabul qilinadi. Bu ayniqsa Yaqin Sharqda geosiyosiy beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda muhim ahamiyatga ega.
Mintaqalararo hamkorlikni faollashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy tashabbusi muhim rol o‘ynamoqda. Uning sharofati bilan so‘nggi yillarda KADHK mamlakatlari bilan hamkorlik kompleks tus olib, nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va gumanitar sohalarni ham qamrab ola boshladi. Oliy darajali aloqalar sezilarli tarzda kengaydi, Ko‘rfaz mamlakatlarining suveren fondlari bilan hamkorlik faollashdi. Energetika, transport, investitsiya va islomiy moliya yo‘nalishlaridagi sheriklik qo‘shilgan yangi kun tartibi shakllandi.
Gumanitar yo‘nalish ham muhim ahamiyatga ega. Islomiy madaniy meros sohasidagi loyihalar, jumladan Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishi, Samarqandda Imom al-Buxoriy majmuasi yangicha shakl-shamoyil, mazmun kasb etishi Ko‘rfaz mamlakatlarida O‘zbekistonning umumiy sivilizatsion makonni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi sifatida qabul qilinadi.
Nihoyat, iqtisodiy liberallashtirish va boshqaruvni modernizatsiya qilish O‘zbekistonning investitsiya, transport va texnologiya sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun sherik sifatidagi jozibadorligini oshiradi.
Xullas, O‘zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida shakllanayotgan strategik sheriklik modelining shunchaki ishtirokchisi emas, balki asosiy me’morlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.
O‘zA