Sirdaryoda til bayrami keng nishonlandi
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida davlat tilining nufuzini oshirish, uning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyatini keng targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida til madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Bayram tantanalari Guliston shahridagi Alisher Navoiy nomidagi «Bilimdonlar maskani»da boshlandi. Marosimda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Doniyor Qodirov, shahar hokimligi vakillari, tashkilot va muassasalar rahbarlari, ta’lim tizimi xodimlari, ijod ahli, milliy madaniy markazlar vakillari hamda keng jamoatchilik qatnashdi.
Tadbir doirasida buyuk mutafakkir, o‘zbek adabiyotining ulug‘ namoyandasi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Mazkur ramziy marosim orqali xalqimizning ona tilimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodimiz merosiga yuksak ehtiromi ifodalandi.
Bayramning asosiy qismi viloyat musiqali drama teatrida «O‘zbek tili — milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli!» mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy va madaniy dastur bilan davom etdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev viloyat rahbarining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek, yosh avlodni ona tiliga hurmat va muhabbat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
«Tilning qadri faqat unga maqom berish bilan emas, balki uni e’zozlash, asrash, rivojlantirish va kundalik hayotimizda munosib qo‘llash bilan belgilanadi» degan mazmundagi fikrlar bayramning asosiy g‘oyasini ifodaladi.
[gallery-32089]
Tabrik yakunida ishtirokchilar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etildi. Ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini yuksaltirish va yoshlar hayotida keng qo‘llanilishini ta’minlash har birimizning burchimiz ekaniga urg‘u berildi.
Sirdaryo viloyatida sana munosabati bilan amalga oshirilgan ishlar xususida viloyat hokimining maslahatchisi G‘aybulla Yusupov quyidagi fikrlarni bildirdi:
— Bu yil Sirdaryoda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun o‘zgacha nishonlanmoqda. Ushbu sana arafasida viloyatda diktant va insholar tanlovlari, bilimdonlar ko‘rik-tanlovlari, shuningdek, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Ular nafaqat Guliston shahrida, balki viloyatning tuman va shaharlaridagi umumta’lim maktablari, oliy ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlarida ham o‘tkazildi. Tadbirlarda ishtirok etganlar millat boyligi va davlatchilik timsoli bo‘lgan ona tilimizga bo‘lgan hurmat-ehtiromini namoyon etdilar. Eng muhimi, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana munosabati bilan tadbirlar davom etmoqda.
Bayramda turli millat vakillarining ishtiroki ham tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi. Ularning fikr-mulohazalari o‘zbek tilining xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan Ozarbayjon milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi rahbari Aziz og‘a Bayramov ham o‘zbek tilining xalqlarni birlashtiruvchi ahamiyati haqida to‘xtaldi:
— O‘zbek tili bayrami nafaqat o‘zbek xalqi, balki biz, ozarbayjonlar uchun ham quvonchli bayramdir. Ota-bobolarimiz bu yurtga 1938-yilda kelib, shu zaminda yashab, mehnat qilib, farzandlarini voyaga yetkazgan. Biz shu yurtda tug‘ilib, ulg‘aydik, hayotda o‘z o‘rnimizni topdik. Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida istiqomat qilayotgan ozarbayjonlar soni uch ming nafardan oshadi. Yurtdoshlarimiz o‘zbek tilida erkin muloqot qiladilar. Zero, o‘zbek tili biz uchun ham qadrli va yaqin tilga aylangan. Eng muhimi, xalqlarimiz o‘rtasidagi quda-andachilik, do‘stlik va hamjihatlik rishtalari yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Ikki qardosh xalqning urf-odatlari va an’analarida ayrim farqlar bo‘lsa-da, maqsadlarimiz mushtarak. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar tobora rivojlanayotganidan mamnunmiz. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan Ozarbayjon milliy madaniy markazi nomidan barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklayman.
Darhaqiqat, davlat tiliga hurmat — umumiy Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga ehtirom va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikning muhim ifodasidir. Turli millat vakillarining o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmati jamiyatimizdagi bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Viloyat musiqali drama teatridagi bayram dasturi teatrlashtirilgan konsert bilan davom etdi. Yosh ijodkorlar va teatr jamoasi ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar va she’rlar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Badiiy chiqishlarda o‘zbek tilining jozibasi, milliy qadriyatlarimiz, Vatanga muhabbat va ajdodlar merosiga sadoqat g‘oyalari o‘z ifodasini topdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat), O‘zA