Ona tili Yangi O‘zbekistonning
She’riyat
O‘rxun bitiklari – ibtido so‘zim,
Qoshg‘ariy devoni – bir nido so‘zim.
Chig‘atoyni turkiy sari chorlagan,
Hazrat Navoiyga tasanno – so‘zim!
O‘zingsan mahsuli moziy ummonning,
Ona tili Yangi O‘zbekistonning
“Millatning oynai hayoti” o‘zing,
Turkiston ulusin imdodi o‘zing.
Yuz yil ortidagi yalovbardorlar,
Ahli jadidlarning murodi o‘zing.
Guvohisan o‘shal qonli to‘fonning,
Ona tili Yangi O‘zbekistonning
Mustabidlik qaydan? Tildan boshlanur,
Lug‘atda adashgan eldan boshlanur.
G‘ayrizabonlikda yashagan yurtning,
Nainki ko‘zlari, ori yoshlanur.
Yetmish yil ko‘tarding qahrin zamonning,
Ona tili Yangi O‘zbekistonning.
Bugun jahonshumul mashvarlardasan,
Dunyo quloq tutar minbarlardasan,
Baralla yangraydi o‘zbek kalomi
Shundankim, bemisl zafarlarda san.
Ro‘yobini ko‘rding asriy armonning,
Ona tili Yangi O‘zbekistonning.
Allangning sadosi dil afgoridan,
Yor-yoring nishona baxt kavsaridan
To‘rtta so‘z birikkan bitta maqoling
Ustundir dunyoning shoh asaridan
O‘zingsan gavhari she’ru-dostonning
Ona tili Yangi O‘zbekistonning.
Meroslaring bitmas, kim oxir etsin,
Ellar elatlarni xush, soxir etsin
Jarang sochaversang olam aro sen,
Biz faxr etmayin, kim faxr etsin!
Abad sohibi bo‘l shavkatu- shonning
Ona tili Yangi O‘zbekistonning!
Nazira Matyaqubova