Yaponiyada yangragan ona tilim (+video)
Ushbu maqola kun chiqar yurtda o‘zbek tilini o‘rganayotgan yoshlar, milliy madaniyatimizni targ‘ib qilayotgan san’at ixlosmandlari va ona tilimizni yangi avlodga o‘rgatayotgan fidoyi ustozlar haqida hikoya qiladi.
Ba’zan ona tili qadrini chuqurroq anglash uchun Vatandan uzoqlashish kerakdek, nazarimizda. Zero, har kuni oddiy qabul qilinadigan so‘zlarni minglab kilometr narida, begona yurtda eshitsangiz, yuragingiz boshqacha uradi. Bir og‘iz samimiy kalom, tanish ohang, ona tilida aytilgan oddiy jumla ham kishini bolalikka, ona mehri bilan uyg‘un yurtga qaytaradi.
Bugun men Yaponiyada yashab, tahsil olayotgan o‘zbek talabasi sifatida bu tuyg‘uni tez-tez his qilaman. Yurtdan olisda Vatan faqat xaritadagi hudud emasligini yanada teran anglaysiz. Bu – oila, yaqinlar, bolalik xotirasi, ona tilida aytilgan duo va qalbga singib ketgan qadriyat.
Shu bois yapon zaminida o‘zbekcha so‘zlayotganni uchratish oddiy voqea emas. Boshqa millat vakillari tilimizni mehr bilan o‘rganishi, milliy kuy-qo‘shiqlarimizga qiziqishi, raqslarimizni ijro etishi, madaniyatimizni targ‘ib etishga intilishi esa kishini yuz chandon quvontiradi.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida Tokioda ana shunday insonlar bilan uchrashdim. Ularni tinglar ekanman, miyamga bir fikr o‘rnashdi: biror millat tilini sevish uchun o‘sha joyda tug‘ilish shart emasdek. Insonni boshqa xalq tili tomon yetaklaydigan yo‘l musiqa, san’at, do‘stlik yoki sayohatdan boshlanishi mumkin. Keyinchalik esa shu qiziqish umrga tatigulik ma’naviy ehtiyojga aylanadi.
Haqiqat – qiyosda
JDS granti bilan Yaponiyada magistratura bosqichini o‘tash men uchun nafaqat tahsil olish, balki shaxsiy va ma’naviy tajriba to‘plash uchun ham imkoniyat. Ko‘zlagan maqsadlarimdan biri – yapon jamiyatini o‘rganish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat mohiyatini chuqurroq anglash, kelgusida shu hamkorlik rivojiga hissa qo‘shish.
Ayni omil meni odamlar bilan ko‘proq suhbatlashish, turfa qarash va yondashuvni qiyoslashga undaydi.
Quvonarlisi – yaponlar va o‘zbeklar juda o‘xshash. To‘g‘ri, tarix, turmush tarzi va jamiyat o‘zaro farqli. Binobarin, kattaga hurmat, oilaga e’tibor, mehmondo‘stlik, milliy an’analarga sadoqat va madaniyatni asrab-avaylash kabi qadriyatlar ikki xalqni bir-biriga yaqinlashtiradi.
Bu o‘lkada O‘zbekiston haqida iliq fikr bildirgan, mamlakatimizni yaqindan bilishga intiladigan insonlar kam emas: ayrimlari yurtimizda bo‘lgan, ba’zilari o‘zbek tilini o‘rganish orqali elimiz dunyoqarashi va madaniyatini anglashga harakat qiladi.
Shunday insonlar haqida hikoya qilmoqchiman.
O‘zbek tili O‘zbekistonga yo‘l ochadi
O‘zbek tilida bemalol muloqot qiladigan bir yapon e’tiborimni tortdi. U oddiyroq o‘zbekcha so‘zlarni o‘rganish bilan cheklanmagan, balki til orqali xalqimiz, urf-odatimiz va diyorimiz hayotini zrganishga intilyapti.
Odiljonning yurtimiz bilan bog‘liq rejasi ham samimiy: respublikamizda yashashni istaydi, kelajakda o‘zbek qiziga uylanish niyati bor, O‘zbekiston Prezidenti faoliyati diqqat bilan kuzatib boradi. Uning yuksak orzularidan biri – davlatimiz rahbari bilan uchrashish.
Bir qarashda shunchaki shaxsiy orzudek tuyuladigan bu istak ortida yana bir chuqur ma’no bor: inson bir mamlakatga chin dildan qiziqa boshlasa, o‘sha xalqning tili, aholisi, turish-turmishi haqida ko‘proq bilgisi, hayoti va kelajagini tasavvur qilgisi keladi. Til o‘rganish esa shu orzular sari eltadigan ko‘prikdir.
Odiljonning hikoyasi menga yana bir haqiqatni eslatdi: O‘zbekiston to‘g‘risida tasavvur uyg‘onishi uchun yirik tadbirlar yoki rasmiy uchrashuvlar emas, samimiy suhbat, do‘stona munosabat, tilni o‘zlashtirish ko‘proq foydali bo‘lishi mumkin.
Raqsi bilan O‘zbekistonni tanitayotgan Nasrin
O‘zbek madaniyatiga qiziqishning yana bir nafis ko‘rinishi – san’at. Yaponiyada faoliyat yuritayotgan Nasrin nomli o‘zbek va fors madaniyati raqs guruhi rahbari o‘zbek raqslarini namoyish etish orqali milliy madaniyatimizni yapon tomoshabinlariga tanishtirib keladi.
Uning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi ham millatimizga nisbatan cheksiz hurmatni ifodalaydi:
– O‘zbek tili – yurtning boy tarixi, madaniyati va betakror xalq qalbini aks ettiruvchi go‘zal til.
Men Yaponiyada o‘zbek madaniyatini targ‘ib etishdan behad mamnunman. O‘zbekistonga hurmatim baland. O‘zbek tili va madaniyatiga yanada ravnaq tilayman!
Bu so‘zlarda san’atning o‘ziga xos kuchi namoyon. To‘g‘ri, raqs tarjimaga muhtoj emas: harakat, ohang va milliy libos yordamida muayyan xalqning tarixi, ruhiyatini ifodalaydi. Baribir, biror millatni chuqurroq anglash uchun til bilish, elning qadriyati, an’analarini o‘rganish ham juda muhim.
Nasrin singari ijodkorlar o‘zbek madaniyatini Yaponiyada tanitish orqali xalqlar do‘stligini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda. Bunday faoliyat madaniy aloqa faqat rasmiy tashrif bilan cheklanmasligi, sahna, musiqa va raqs, kundalik muloqot yordamida ham shakllanib borishini tasdiqlaydi.
Komazaki Mashu: dutor sadosidan yaralgan muhabbat
O‘zbek musiqasiga mehr qo‘yish barobarida tilimizni ham chuqur o‘rganayotgan Komazaki Mashuning faoliyati ham e’tiborga loyiq. Uning ham madaniyatimizga qiziqishi san’at bilan chambarchas bog‘liq. Milliy kuylarimiz ohangi, dutorning o‘ziga xos sadosi Mashuni xalqimiz ma’naviy olamiga tobora yaqinlashtirmoqda. Musiqaga qiziqish asta-sekin o‘zbek tilini o‘rganish, qo‘shiqlar mazmunini, boy tarixiy-madaniy qatlamni anglash istagiga aylangan.
Bugun Komazaki Mashu Yunus Rajabiy nomli O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida dutor yo‘nalishi bo‘yicha magistratura ikkinchi bosqichida tahsil olmoqda. U 2024-yil «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Mazkur natija o‘zbek musiqasiga qiziqish shunchaki havas emas, balki izchil mehnat, jiddiy ta’lim va ijodiy izlanish mahsuli ekanini ko‘rsatadi.
Musiqa til o‘rganish uchun ham yo‘l ochadi. Qo‘shiq matnini tushunish, kuy mazmunini anglash va ijro jarayonida milliylikni his qilish uchun inson tilga murojaat qiladi. Shu tariqa dutor sadosi yapon yoshlari bir vakilini o‘zbek tiliga, til esa xalqimiz tarixi va madaniyatiga yaqinlashtirmoqda.
Komazaki Mashu misolida men madaniy diplomatiyaning jonli namunasini ko‘raman. Bir inson san’at yordamida boshqa xalq qalbiga yo‘l topgan. Endi u o‘rganganini faoliyati, ijrosi orqali, o‘zaro muloqot doirasida boshqalarga yetkazadi.
Tilchi ustozlar
Yaponiyada yana bir qatlam bor: tilimizni o‘rgatish, boshqa xalqlar vakillariga tanitish va o‘rganuvchilar qiziqishini mustahkamlash yo‘lida mehnat qilayotgan ustozlar.
Kun chiqar o‘lkada qariyb o‘n yildan buyon yashab, o‘zbek tili va madaniyatini targ‘ib qilib kelayotgan o‘zbek ustozlar bilan suhbatlashar ekanman, ularning mehnati zamirida ulkan sabr, fidoyilik borligini his qildim. Turli yoshdagi insonlarga tilimizni o‘rgatadigan, diyorimiz tarixi, elimiz an’analari haqida tushuncha beradigan bunday insonlar faoliyati davomida yuzlab xorijliklarni o‘zbek tili va madaniyatiga oshno etadi.
Til o‘rganish faqat lug‘at yodlash yoki qoidani o‘zlashtirishdan iborat emas. Ustoz o‘quvchiga so‘z ma’nosi bilan birga muayyan hayot tarzini ham anglatadi. Salomlashish, yoshi ulug‘larga hurmat ko‘rsatish, mehmon kutish, oila va do‘stlikni qadrlash bilan bog‘liq iboralar kishini o‘zga xalq madaniy dunyosiga olib kiradi.
Chet elda boshqa bir millat tilini o‘rgatish oson kechmaydi. O‘quvchi turli maqsad bilan kelishi mumkin: kimdir sayohat qilishni rejalashtirgan, birov ilmiy izlanish boshlagan, uchinchisi musiqa yoki adabiyotga qiziqadi. Ustoz esa har bir o‘quvchi qiziqishini barqaror intilishga aylantira olishi darkor.
Bir so‘z bilan aytganda, til o‘rgatayotgan muallim shogirdlarini xalqlar o‘rtasida ishonch va o‘zaro tushunish tuyg‘usini mustahkamlaydigan inson siymosidagi zanjirlarni shakllantiradi.
Xullas, boshqa mamlakatda tilimizni o‘rgatish yoki o‘rganish uchun vaqt va kuch sarflayotgan insonlar bilan kechgan uchrashuvlarda kishi qalbida Vatan sog‘inchi, faxr, minnatdorlik hissi qorishib ketarkan...
O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlarini mustahkamlashda ta’lim, ilm-fan, iqtisodiyot sohalari, shuningdek rasmiy muloqotning o‘rni beqiyos. Qolaversa, ikki xalq yaqinligini oddiy insonlar o‘rtasidagi samimiy munosabat ham mustahkamlaydi. O‘zbek tilini o‘rganayotgan yapon yoshlari, milliy musiqamizdan ilhom olayotgan san’atkorlar, raqslarimizni sahnaga olib chiqayotgan ijodkorlar va tilimizni o‘rgatayotgan ustozlar shu do‘stlik natijasini kundalik hayotda namoyon etadi.
O‘zbek tili bayrami faqat tilimiz go‘zalligi va boyligi ko‘z-ko‘z qilinadigan kun emas. Bu sana bizga mudom ona tilimizni asrash, kelajak avlodga yetkazish va dunyoga tanitish mas’uliyatini ham eslatib turadi.
Bugun Tokioda o‘zbekcha so‘zlayotgan, «ikki tor» sadosi orqali xalqimizga yaqinlashayotgan, milliy raqslarimizga xirom aylayotgan va tilimizni o‘rgatayotgan insonlarni ko‘rib, ko‘nglimda bir tuyg‘u mustahkamlandi: ona tilimiz ovozi sarhadlar osha odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, yangi do‘stlar sari yo‘l ochadi, uzoq ellarda ham Vatan haqida iliq tasavvur uyg‘otadi.
Ona tilimizning qadri faqat biz tilni qay darajada sevishimiz emas, balki o‘zbek tilini o‘rganish istagidagi insonlar qalbida qanday o‘rin egallayotganida ham namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tili bayrami barchamizga yana bir bor muborak bo‘lsin!
Behruz Xudoyberdiyev,
Mirhabib Sayfullayev,
Faxriyor Rahmonaliyev (video)
O‘zA
Tokio, Yaponiya