O‘zbek tilim — jonu dilim
Buxoro shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va Do‘stlik uyida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi hamda 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan “O‘zbek tilim — jonu dilim” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, til — millatning ruhi, ma’naviy qiyofasi va milliy o‘zligini namoyon etuvchi beqiyos qadriyatdir. Shu bois ona tilini asrab-avaylash, uning nufuzini yuksaltirish va kelajak avlodga sof holda yetkazish har birimiz uchun yuksak mas’uliyatdir.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va nufuzini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi muhim tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur qarorda davlat tilini jamiyat hayotining barcha sohalarida keng va to‘laqonli qo‘llash, uning nufuzini yanada oshirish, zamonaviy taraqqiyot talablariga mos ravishda rivojlantirish, yosh avlod qalbida ona tiliga mehr va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilgani alohida qayd etildi.
Darhaqiqat, davlat rahbarining tilga e’tibori — millat ma’naviyati va milliy o‘zlikka e’tibordir. Bugun o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni ilmiy, madaniy, ijtimoiy va davlat boshqaruvi sohalarida yanada keng qo‘llash uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ona tilimizga bo‘lgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasidir.
Tadbir davomida viloyatda faoliyat yuritayotgan 12 ta milliy madaniy markaz vakillari ishtirok etishib, ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtiromini she’riy chiqishlar orqali ifoda etishdi. Milliy madaniyatlar uyg‘unligi aks etgan tadbirda o‘zbek tilining jozibasi va boyligini tarannum etuvchi she’rlar o‘qildi, dilrabo kuy-qo‘shiqlar yangradi.

— O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi va O‘zbek tili bayrami yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun ham muhim va qadrli sana, — deydi Koreys milliy madaniy markazi rahbari Rodion Li. — Chunki til — xalqlarni birlashtiradigan, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlaydigan buyuk qadriyatdir. Bugun O‘zbekistonda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor va uning nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilayotgani biz, milliy madaniy markazlar vakillarini ham quvontiradi. O‘zbek tilini o‘rganish, unda erkin muloqot qilish va farzandlarimizga o‘rgatishni biz ham o‘zimiz uchun muhim vazifa deb bilamiz. O‘zbek tili juda boy, jozibali va qalbga yaqin til. Biz uni hurmat qilamiz va uning rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishdan mamnunmiz. Bugungi tadbirda o‘zbek tilida she’rlar o‘qish, kuy-qo‘shiqlar ijro etish orqali yurtimizdagi millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va totuvlikni yana bir bor namoyon etish imkoniga ega bo‘ldik. Ishonamanki, ona tilimizga bo‘lgan mehr va ehtirom, avvalo, yoshlar qalbida mustahkam qaror topsa, o‘zbek tilining nufuzi yanada yuksaladi. Zero, o‘zbek tili — barchamizni birlashtirib, yagona Vatan atrofida jipslashtirib turgan bebaho ma’naviy boylikdir.

Ayniqsa, turli millat va elat vakillarining o‘zbek tilida she’rlar o‘qib, ona tilimizga yuksak ehtirom ko‘rsatgani tadbirga alohida fayz bag‘ishladi. Bu esa yurtimizda millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhiti tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar va viktorinalar Buxoro viloyatining shahar va tumanlarida izchil davom etmoqda.
Ona tiliga ehtirom — millatga ehtirom. Uni asrash va yuksaltirish esa barchamizning muqaddas burchimizdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri