Millat g‘ururi, ma’naviyatimizning betakror javohiri
Dunyoda shunday bebaho boyliklar borki, ularsiz biror-bir millatning mavjudligini, uning o‘tmishi va kelajagini tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu boylik ona tilidir. Til - millatning ruhi, tarixi, madaniyati, qadriyatlari va dunyoqarashini o‘zida mujassam etgan ko‘zgu.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlarning vakillari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda e’tirof etilganidek, inson aynan til orqali o‘zini anglaydi. Ona tilimizda xalqning ezgu orzu-intilishlari mujassam.
Tantanali kecha O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Mustaqilligimiz sari dastlabki qadamlar qo‘yilgan davr, ya’ni 1989-yil 21-oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani mamlakatimiz tarixidagi eng buyuk ma’naviy g‘alabalardan biri bo‘ldi. Bu kun nainki bayram, balki o‘zligimizni anglash, ajdodlar merosiga ehtirom ko‘rsatish va milliy g‘urur, ma’naviyat kunidir.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mustaqillikning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirida so‘zlagan nutqidan videolavha namoyish etildi. Chindan ham mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi. O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur. O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodir Jonuzoq joriy yilning 21-oktabr kuni Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunni imzolangani ona tilimizga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasi ekanini, ushbu tashabbus natijasida yillar davomida bahslarga sabab bo‘layotgan masalaga yechim topilganini ta’kidladi.
[gallery-32097]
O‘zbek tilining ildizlari asrlar qa’riga borib taqaladi. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» asaridan tortib, Zahiriddin Muhammad Boburning yurak tug‘yonlarigacha, Ahmad Yassaviy va Navoiy navolarigacha bo‘lgan boy ma’naviy meros aynan shu tilda yaratildi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy o‘zbek tilining cheksiz imkoniyatlarini, boyligi va jozibasini butun dunyoga isbotlab berdi.
Tadbirda Mahmud Koshg‘ariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Rizo Ogahiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Oybek, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov siymolari sun’iy intellekt yordamida aks ettirilgan lavha ona tilimiz ravnaqi yo‘lida bobolarimizning zahmatli intilishlarini namoyon etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzini oshirish va xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlash bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentning 2019-yil 21-oktabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2020-yil 20-oktabrdagi «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlari bilan 2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT oliy minbaridan o‘zbek tilida nutq so‘zlanishi tilimizning xalqaro darajada tan olinishida tarixiy voqea bo‘ldi. O‘zbekistonning TDTga to‘la huquqli a’zo sifatida kirishi turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining xalqaro miqyosda o‘rganilishi va nufuzi oshishiga kuchli turtki berdi. Xalqaro Alisher Navoiy olimpiadalari va ilmiy anjumanlar orqali xorijda o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqish muntazam rag‘batlantirilmoqda.
Tadbirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy mamlakatlarning favqulodda va muxtor elchilari videotabrigi ham taqdim etildi.
Yurtimizda ona tilimizni rivojlantirish borasidagi islohotlar rasmiy hujjatlarning to‘liq davlat tilida, adabiy til me’yorlariga mos holda yuritilishini ta’minlamoqda. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy filiallari tashkil etildi.
Davlat tilini zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga integratsiyalash maqsadida maxsus Sun’iy intellekt platformasi va o‘zbek tilidagi ovozli yordamchilar ustida ish olib borilmoqda, yirik loyihalar raqamli va bosma shaklda tayyorlanmoqda. Global tarmoqda o‘zbek tilidagi sifatli ilmiy, madaniy va ma’rifiy kontentlarni ko‘paytirish, Vikipediya va boshqa yirik platformalarda o‘zbekcha maqolalar salmog‘ini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan musiqiy oqshomda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan xorijiy fuqarolarning o‘zbek tiliga munosabatlari aks ettirilgan chiqishlar, rang-barang kuy-qo‘shiq va kompozitsiyalar namoyish etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA muxbirlari