Germaniyada 8 kun davomida zo‘r hayajon bilan o‘tgan “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turniri yakuniga yetdi.
Shov-shuvli tarzda kechgan eng nufuzli turnirning har bir bahsi bugungi professional shaxmatning naqadar dinamik tarzda yuksalib borayotganini ko‘rsatib berishi bilan birga zo‘rlar orasida yanada zo‘rlar borligini ham aniqlab berdi.
Biz uchun ahamiyatli jihati, 2025 yilga kelib O‘zbekiston shaxmat maktabining ikki navqiron vakili mukofot jamg‘armasi 750 ming AQSH dollaridan iborat turnirda g‘oliblikka da’vogarlar qatoridan joy olishga muvaffaq bo‘lish barobarida turnir g‘olibligiga asosiy nomzodlar qatorida qayd etildi.

Yosh va yuksak salohiyatga ega 19 yoshli shaxmatchimiz Javohir Sindarov bosh sovringa da’vogar 10 nafar shaxmatchi orasida 4-o‘rinni, birinchi raqamli grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov 6-o‘rinni egallashi mamlakatimiz yoshlarining beqiyos iqtidori namunasi bo‘ldi.
O‘tkazilgan hal qiluvchi bahsda uchinchi o‘rin uchun kechgan qarama-qarshilikda Javohir Sindarov norvegiyalik sobiq jahon chempioni Magnus Karlsenga ikkinchi uchrashuvda imkoniyatni boy berdi. Bir kun muqaddam o‘tgan ilk bahsda ham tajribali Magnus zafar quchgandi. Bu, Javohir Sindarov “Freestyle Chess Grand Slam” turnirini 4-o‘rinda yakunlashi ortidan 60 ming AQSH dollariga ega chiqishiga, 3-o‘rin sohibi Magnus Karlsenni 100 ming AQSH dollari sohibi bo‘lishiga olib keldi.

5-o‘rin uchun Nodirbek Abdusattorov va amerikalik Hikaru Nakamura o‘rtasidagi kurashda okean orti vakilining qo‘li baland keldi va 50 ming AQSH dollari sohibi bo‘ldi. Hamyurtimiz Abdusattorov o‘z navbatida 40 ming AQSH dollari sohibiga aylandi.
7-8 o‘rinlarga da’vogarlikda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzjaga yutqazib qo‘ydi. Oqibatda asli eronlik, hozirda Fransiyada istiqomat qilayotgan Alireza 30 ming, Gukesh 20 ming AQSH dollariga ega chiqdi.

Musobaqa finalida germaniyalik Vinsent Keymer va amerikalik Fabiano Karuana uchrashuvida nemis shaxmatchisiga omad kulib boqdi va “Freestyle Chess Grand Slam-2025”ning bosh sovrini bo‘lgan 200 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi. 2-o‘rindan joy olgan Karuanaga 140 ming AQSH dollari nasib etdi. Shu o‘rinda aytish lozim, “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turniri joriy yildan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Uning birinchi musobaqasi Germaniyada muvaffaqiyatli tashkil etildi. Turnirning keyingi bosqichlari joriy yilning 8–15 aprel kunlari Fransiya poytaxti Parijda, 17–24 iyulda AQSHning Nyu-York shahrida, 17–24 sentyabrda Hindistonning Dehli shahrida va 5–12 dekabr kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tadi.
Har bir turnirda 1-8 o‘rinni egallagan shaxmatchilar “Freestyle Chess Grand Slam-2025”ning keyingi turnirida qatnashish huquqiga ega chiqadi.
Ortda qolgan Germaniya musobaqalaridagi natijalarga ko‘ra, Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov Parij bahslari chiptasiga ega chiqdi. Germaniyadagi musobaqalarda 9 va 10-o‘rinlardan joy olgan AQSH sharafini himoya qilgan Levon Aronyan va asli rossiyalik hozirda Sloveniya bayrog‘i ostida qatnashgan Vladimir Fedoseyev keyingi bosqichga chiqa olmadi.
Eslatib o‘tamiz, Parij turnirida 8 nafar shaxmatchi ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qolgan 2 nafar qatnashchi onlayn tarzda o‘tkaziladigan saralash musobaqalarida aniqlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA