O‘zbekistonda ma’lumotlar bazasi tillari bo‘yicha xalqaro ishchi guruh yig‘ilishi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Texnik jihatdan tartibga solish agentligida ISO/IEC JTC 1/SC 32/WG 3 «Ma’lumotlar bazasi tillari» xalqaro ishchi guruhining yig‘ilishi boshlandi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Standartlar instituti hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur tadbirda ma’lumotlar bazasi tillari sohasidagi xalqaro standartlarni rivojlantirish va takomillashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Yig‘ilish kun tartibidan ma’lumotlar bazasi tillariga oid xalqaro standartlarni ishlab chiqish, amaldagi standartlarni takomillashtirish hamda raqamli texnologiyalar rivoji bilan bog‘liq dolzarb vazifalar o‘rin olgan. Ishtirokchilar, shuningdek, ma’lumotlarni saqlash, qayta ishlash va almashish jarayonlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar yuzasidan fikr almashmoqda.


Tadbirda AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Italiya, Niderlandiya, Shveysariya va boshqa mamlakatlardan xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda. Mutaxassislar o‘rtasidagi tajriba almashinuvi ilg‘or texnologik yechimlarni o‘rganish, xalqaro standartlarni yanada takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.
Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) va Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) doirasida faoliyat yurituvchi ISO/IEC JTC 1/SC 32 «Ma’lumotlarni boshqarish va almashish» quyi qo‘mitasi tomonidan bugungi kunga qadar 130 ta xalqaro standart nashr etilgan. Ayni paytda yana 32 ta standartni ishlab chiqish ishlari davom etmoqda. Ushbu standartlar axborot tizimlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, ma’lumotlar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirish va turli tizimlar o‘rtasida samarali axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasida eksport salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatda IT-xizmatlari eksporti hajmi 940 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich raqamli xizmatlar bozorining rivojlanib borayotganini ko‘rsatish bilan birga, sohada xalqaro talab va standartlarga mos faoliyat yuritish muhimligini ham namoyon etadi.
Mutaxassislarning xalqaro maydonda o‘zaro hamkorligi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur yig‘ilish O‘zbekistonning xalqaro standartlashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, ma’lumotlarni boshqarish va almashish tizimlarini takomillashtirish hamda raqamli iqtisodiyot rivoji uchun zarur bo‘lgan texnologik muvofiqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA