“Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakka-yu yagona to‘g‘ri yo‘lidir”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida shunday ta’kidladi. Demak, 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nomlangani ham bejiz emas.
Ta’lim, ayniqsa, inson huquqi sohasidagi ta’limni rivojlantirish masalasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, inson huquqlari sohasidagi ta’lim – ta’limning uzviy va ajralmas qismidir.
Bu haqda fikr yuritganda Milliy markazning Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi tomonidan 2022 yilda amalga oshirilgan ayrim amaliy ishlarga to‘xtalish maqsadga muvofiq. Zero, Prezidentimiz Murojaatnomasida qayd etilganidek, “Ushbu davrda to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”.
O‘tgan yili “O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi loyihasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasidan iborat hujjatlar to‘plami tayyorlandi va Prezident Administratsiyasiga kiritildi.
Ta’kidlash kerak, «Inson huquqlari», «Ayol huquqlari», «Bola huquqlari» o‘quv kurslarini barcha ta’lim muassasalari o‘quv dasturiga kiritish masalasi O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida inobatga olingan.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yil 26-27 may kunlari markazimiz tashabbusi bilan Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi.
Shu munosabat bilan ma’sus dastur ishlab chiqildi, mashg‘ulotlarda xalqaro ekspertlar ishtiroki ta’minlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan prokuratura organlarida tergov tarmog‘i ustidan nazorat bo‘limi, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi prokurorlari – jami 30 nafar tinglovchi ishtirok etgan o‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga tegishli sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbusiga muvofiq, 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi o‘tkazildi.
Inson huquqi sohasida ta’limni rivojlantirish muammolari muhokamasi va yechimiga bag‘ishlangan mazkur anjuman doirasida Inson huquqi mavzusiga oid adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, mingdan ziyod kitob, 250 nomdagi ilmiy jurnal namoyish etildi. Ushbu adabiyotlar Milliy markaz tomonidan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti va A.Pushkin nomidagi viloyat ilmiy-universal kutubxonalariga beg‘araz taqdim etildi.
Forum yakunida adliya va ichki ishlar vazirligi hamda Bosh prokuratura xodimlari, sudyalar, advokatlar, professor-o‘qituvchilar, yuridik ta’lim muassasalari bakalavriat va magistratura talabalari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari ekspertlari uchun inson huquqi sohasidagi ta’lim bo‘yicha mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsida 7 mingdan ko‘p ishtirokchi onlayn va oflayn tarzda qatnashdi.
15-16 fevral kunlari BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyasida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishiga tayyorgarlik bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ushbu ma’ruzani ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi tayyorlandi, Parlament komissiyasining 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi haqida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining inson huquqi sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishida Hukumat delegatsiyasi a’zolari tomonidan mamlakatimiz davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha hisobot tinglandi.
Yanada muhimi, davlatimiz rahbarining shu yil 7 martda qabul qilingan «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida belgilanganidek, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosini o‘rganish maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlar mas’ul xodimlaridan iborat Ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tomonidan qonunchilik hujjatlari ijrosini monitoring qilish yo‘nalishlari belgilab olindi. Reja-jadval, savolnoma ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Reja-jadval asosida 13-14 oktyabr kunlari Toshkent viloyatida, 20-21 oktyabr kunlari Farg‘ona viloyatida tegishli qonunlar ijrosi o‘rganildi.
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada alohida e’tibor qaratilgan, ta’limning uzviy va ajralmas qismi hisoblangan inson huquqi sohasidagi ta’limni rivojlantirish yo‘lida o‘tgan yil salmoqli natijalarga erishildi, bu borada istiqbolli rejalar, muhim vazifalar belgilab olindi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqi yo‘q – qonun talabi va inson huquqi – biz uchun oliy qadriyat”.
Farxod HAYITBOEV,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
bo‘lim boshlig‘i