Bir uskuna — bir oila taqdiridagi yangi sahifa
Grant ko‘magi tufayli Oybek Ramazonov uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Inson hayotida shunday lahzalar bo‘ladiki, kichik bir imkoniyat katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Bir xona, bir nechta zamonaviy uskuna va eng muhimi — mehnat qilish istagi. Aslida, barqaror daromad va munosib turmush sari yo‘l ham ana shunday oddiy, ammo mazmunan katta qadamlardan boshlanadi.
Bugun Buxoro tumanida yashovchi Oybek Ramazonov hayotida ham ana shunday yangi sahifa ochilmoqda. Uning bandligini ta’minlash, kasb-kori orqali doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun yaratilgan sharoit oddiy bir loyiha doirasidan ancha keng ma’no kasb etmoqda. Zero, bu yerda gap faqat uskuna xarid qilish yoki ish joyi yaratish haqida emas. Gap insonga o‘z mehnati bilan oilasi farovonligini ta’minlash imkoniyatini berish haqida bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan ochiq tanlov asosida grant ajratish bo‘yicha e’lon qilingan tanlov ana shunday ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Tanlov natijasiga ko‘ra, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Buxoro viloyati filialining Buxoro tumani “Sadriddin Ayniy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Oybek Ramazonovning bandligi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” yo‘nalishidagi loyihasi g‘olib deb topildi.
Loyiha doirasida sertifikatlar topshirilib, uni amalga oshirish uchun grant mablag‘lari ajratildi. Bu esa qog‘ozdagi raqam yoki navbatdagi moliyaviy ko‘mak emas. Uning ortida bir insonning mehnat bilan o‘z hayotini o‘zgartirishga bo‘lgan intilishi, bir oilaning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchi va mahallada yangi iqtisodiy imkoniyat paydo bo‘lishi mujassam.


Zamonaviy ijtimoiy siyosatning eng muhim jihatlaridan biri ham shunda — insonni faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash emas, balki uning o‘z mehnati bilan daromad topishi uchun sharoit yaratish.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda yangi daromad manbalarini yaratishga ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani bugun joylardagi ana shunday amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topmoqda.
Ayniqsa, insonga tayyor yordam berishdan ko‘ra, uning o‘zini o‘zi ta’minlashi uchun zarur vosita va imkoniyat yaratib berish uzoq muddatli natijaga xizmat qiladi. Oybek Ramazonov misolida ham ana shu tamoyilni ko‘rish mumkin.
Buxoro shahrining “Namozgoh” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan, ta’mirtalab binodagi 30 kvadrat metrlik bir xona bugun yangi kasb va yangi imkoniyatlar maskaniga aylantirildi. U yerga zamonaviy chilangarlik uskunalari o‘rnatildi. Xususan, Lounch X 861 razval stendi hamda 216 talik instrumentlar to‘plami bilan jihozlangan ustaxona endi Oybek uchun doimiy mehnat va daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bir qarashda 30 kvadrat metrlik xona juda kichikdek tuyulishi mumkin. Ammo uning ichidagi imkoniyatlar ancha katta. Chunki bu yerda faqat avtomobillar ta’mirlanmaydi. Bu yerda insonning o‘z kuchiga ishonchi mustahkamlanadi, kasbiy mahorati oshadi, tadbirkorlik ko‘nikmalari shakllanadi. Eng muhimi, mehnat orqali daromad topishning yana bir manzili paydo bo‘ladi.


Bugun mahalla nafaqat aholi yashaydigan hudud, balki insonning daromadi, kasbi, tashabbusi va tadbirkorligi ro‘yobga chiqadigan muhim iqtisodiy makonga aylanib bormoqda.
“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining asosiy maqsadi ham viloyatning chekka hududlarida tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirish, aholini o‘zini o‘zi band qilish orqali ish bilan ta’minlash va ularning daromadini oshirishdan iborat. Bu vazifaning zamirida juda katta hayotiy haqiqat bor: har bir yangi ish o‘rni — bir insonning ertangi kuniga ishonch, har bir daromad manbai — bir oilaning farovonligi, har bir qo‘llab-quvvatlangan tashabbus — mahallaning iqtisodiy salohiyatidir. Shu ma’noda Oybek uchun yaratilgan imkoniyatni birgina xona yoki birgina ustaxona bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Uning ta’siri oilasiga, mahallasiga, atrofidagi boshqa yoshlarga ham yetib borishi mumkin. Chunki bir insonning mehnatdagi yutug‘i boshqalarga ham namuna bo‘ladi.
Grant mablag‘lari insonga tayyor farovonlik bermaydi. Unga farovonlik sari yo‘l ochadi. Bu yo‘lda esa bilim, mahorat, mas’uliyat va mehnat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Oybek uchun yaratilgan sharoit ham ana shu imkoniyat va mas’uliyat uyg‘unligini anglatadi. Endi uning oldida yangi vazifalar turibdi: xizmat sifatini oshirish, mijozlar ishonchini qozonish, kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish, kelgusida faoliyatini kengaytirish va, ehtimol, boshqa yoshlar uchun ham ish o‘rinlari yaratish. Bugun bir kishi uchun boshlangan ish ertaga kichik biznes sub’ektiga, keyinchalik esa yana bir necha insonning doimiy daromad manbaiga aylanishi mumkin. Ana shunda grantning haqiqiy ijtimoiy samarasi namoyon bo‘ladi.


Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson qadri, uning mehnati va farovon hayotiga qaratilgani joylardagi ana shunday amaliy tashabbuslarda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Davlat rahbari tashabbuslari bilan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar odamlarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Buxoro viloyatida ham bu jarayon mahallabay yondashuv asosida izchil davom etmoqda. Eng muhimi, bugun yordamga muhtoj insonni izlab topishning o‘zi yetarli emas. Unga o‘z oyog‘iga turishi, kasb-hunari orqali daromad topishi va kelajagini mustaqil qurishi uchun imkoniyat berish maqsad qilinmoqda. Oybekning yangi ustaxonasi ana shu ezgu maqsadning hayotdagi bir namunasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri