Dunyo arxeologiya ilmi rivojiga yuksak hissa qo‘shgan, rus tuprog‘ida tavallud topib, butun umrini O‘zbekistonda, xususan, qoraqalpoq zaminida ilmga baxshida qilgan buyuk olim, marhum arxeolog, tarix fanlari doktori, professor Vadim Nikolayevich Yagodin hayot bo‘lganida bu yil 90 yoshni do‘stlari va vatandoshlari bilan qarshilagan bo‘lar edi.
Qoraqalpog‘istonda mashhur arxeolog olimning yubiley sanasi keng nishonlanmoqda. Joriy yil 12 may kuni olimning tavallud kuni munosabati bilan “Qoraqalpog‘istonda arxeologiya ilmi yutuqlari” mavzusida respublika ilmiy anjumani o‘tkazildi. Mazkur anjumanga tarix fanlari doktori, akedemik Ahmadali Asqarov ham ishtirok etdi.
Vadim Yagodin haqida akademik shunday eslaydi:
“V.Yagodin Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi rahbari, taniqli arxeolog olim Sergey Tolstovning sadoqatli shogirdidir. Ustoz-shogirdning mehnatisiz O‘zbekistondagi arxeologiya ilmining rivojini tasavvur qilish mumkin emas. Yagodin ustozi singari Qoraqalpog‘istonni haqiqiy sevar edi. Nafaqat Qoraqalpog‘istonning tarixiy, arxeologik yodgorliklarini, balki qoraqalpoq xalqini ham sevar edi. Qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan muhabbat, undagi g‘amxo‘rlik cheksiz bo‘ldi.
Men V.Yagodinni 1963 yilda u Moskvada nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan paytidan yaxshi taniyman va shundan buyon do‘st bo‘lib qolganmiz. Himoya paytida uning Qoraqalpog‘istonga, shu yerda yashaydigan xalqqa qanchalik mehr bog‘laganligiga amin bo‘lib, chin dildan xursand bo‘lganman. Rus millatidan bo‘lib, bizning yurtni shunchalik sevgan kishiga hurmatim yanada yuksaldi.
Bitta qiziq voqea hamon yodimda. V. Yagodin doktorlik dissertatsiyasi himoyasi yaqinlashgan kunlardan birida traktorga o‘tirib tadqiqot o‘tkazayotgan maydonga ketib qoldi. Yaqin 100 km joyda traktori buzilib qoldi. U mana shunday o‘z kasbining fidoyisi edi.”
Vadim Yagodin 1932 yil 5 fevralda Rossiya federatsiyasi Orenburg viloyati, Buzuluk tumanida dunyoga kelgan. Bo‘lajak olim 1938 yilda ota-onasi bilan Qoraqalpog‘istonga ko‘chib kelib, o‘rta maktabni shu yerda tugatdi. 1955 yilda Ivanovo universitetining tarix fakultetini muvaffaqiyatli tamomladi. Talabalik paytida akademik Sergey Tolstov rahbarlik qilgan Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasiga ishtirok etishi uning hayot tarzini belgilab berdi va bir umr ushbu zaminga cheksiz muhabbat ila bag‘rini ochdi.
Mazkur ekspeditsiya tarkibida Janubiy Orolbo‘yida joylashgan ko‘plab esdaliklarda qizish ishlarini olib bordi va oliygohni tugatib kelgandan keyin dastlab Qoraqalpog‘iston madaniyat vazirligi tarkibidagi O‘lkashunoslik muzeyida mehnat faoliyatini boshladi. Yosh olimga Qoraqalpog‘iston zaminidagi tarixiy yodgorliklar, shu zaminda yashaydigan xalqlarning madaniyati, folklori, o‘tmishi qadriyatlari, urf-odat, an’analari judayam qiziq edi. Qum bag‘ridagi minglab yillardan buyon o‘z sirlarini ochmay yotgan qadimiy qal’alarga bo‘lgan muhabbati uni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston majmua ilmiy-tadqiqot institutida arxeolog sifatida faoliyatini davom ettirishga undadi.
U 1963 yilda nomzodlik dissertatsiyasini SSSR Fanlar akademiyasi Etnografiya institutida, 1991 yilda esa M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1964-1968 yillarda O‘zbekiston fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Tarix, til va adabiyot istitutining katta ilmiy xodimi, 1969-1991-yillarda ushbu institutning arxeologiya bo‘limi mudiri, 1992-2011 yillarda Tarix, arxeologiya va etnografiya institutining birinchi direktori, shuningdek hayotining oxirgi kunlarigacha mazkur institutning arxeologiya bo‘limi rahbari lavozimlarida ishladi.
U O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Afg‘oniston, Iordaniya davlatlarida olib borilgan xalqaro arxeologik ekspeditsiyalarda ishtirok etdi. Janubiy Orolbo‘yi hamda Ustyurt platosida olib borilgan ko‘plab arxeologik ekspeditsiyalarning tashkilotchisi hamda rahbari bo‘ldi. Ko‘p sonli respublika va xalqaro ilmiy forum va loyihalarga ekspert tarkibida qatnashdi. Markaziy Osiyo hamda Yaqin Sharq tarixi, arxeologiyasi va paleogeografiyasi masalalari bo‘yicha 200 dan ortiq ilmiy mehnatlar muallifi hisoblanadi.
V. Yagodin Qoraqalpog‘istonga xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, Rossiya arxeologiya tashkilotining, Nyu-York fanlar akademiyasi, Avstraliya ilmiy kengashining (RAC) ekspertlari tarkibi a’zosi. Marhum olim ilmiy faoliyatining dastlabki yillarida fanga noma’lum Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi qal’alarni tadqiq qilishni boshladi va ushbu tadqiqotlar natijasida yangidan Kerder madaniyatini kashf qildi.
1975-1977 yillarda V.N.Yagodin sovet-afg‘on arxeologik ekspeditsiyasida ishtirok etib, Afg‘onistonda joylashgan dunyoga mashhur Ayxanum esdaligini qazib tadqiq qildi. Shu yillarda olim Ustyurt kengliklarida ko‘chmanchilar madaniyatini o‘rgana boshlaydi. Tadqiqotlar natijasida Ustyurtda dunyoning sanoqli joylarida uchrashadigan «Nayzasimon qurilmalar» sirini ochib, butun dunyoni hayratda qoldirdi. Ko‘chmanchi qabilalarning ming-ming yillar avval yaratgan ixtirolari hamon ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Olim ushbu ilmiy yangiligi asosida 1991 yilda «Strelovidnыye planirovki Ustyurta (opыt istoriko-kulturnoy interpretatsii)» nomli monografiyasini keng jamoatchilikka taqdim qildi. Keyinchalik uni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligida topilgan shunga o‘xshash qurilmalarni tadqiq qilishga rahbar sifatida Ummon-Britaniya universiteti tomonidan taklif qilindi.
1995 yildan boshlab Qoraqalpoq-Avstraliya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasida rahbarlik qilib, Beruniy tumanida joylashgan Aqchaxan-qal’a va Toshxirmon-tepa yodgorliklarini tadqiq qilishga qatnashdi. V.Yagodin – akademik S.Tolstov asos solgan Qoraqalpoq arxeologiya maktabining munosib davomchisi bo‘lib, o‘z ilmiy hayoti davomida tayyorlagan ko‘plab shogirdlari hozirda olim boshlab bergan ishlarni davom etib kelmoqda. Shulardan marhum G‘ayratdin Xo‘janiyozov Oliy mukofot – O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi.
V.N.Yagodin oilasi – olimlar oilasidir. Uning turmush o‘rtog‘i L.P.Pavlovskaya Qoraqalpog‘iston ixtiofaunasini tadqiq qilgan. O‘g‘li Vadim Yagodin esa bugungi kunda o‘z otasi asos solgan arxeologiya bo‘limida arxeologik qazilma topilmalari ustida restavratsiya ishlarini yuritib kelayotgan hududdagi yagoni restavrator mutaxassisdir.
Ye.Qanoatov, O‘zA