Mahalliy kengashlarning axborot maydonidagi faoliyati kuchayadi
Andijon shahar hokimligida “Mahalliy Kengashlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini samarali tashkil etish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi kotibiyati hamda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari kotibiyatlari xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, mahalliy kengashlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratildi, – deydi xalq deputatlari viloyat kengashi kotibiyati mudiri Nasibaxon To‘ychiyeva. – Qolaversa, deputatlar va xalq o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish hamda amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish orqali fuqarolarning vakillik organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdan iborat.

Seminarda bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar oddiy axborot kanali chegarasidan chiqib, davlat organlarining xalq bilan muloqot qilishi, ochiqlik va ishonchni mustahkamlash vositasiga aylanganligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mahalliy kengashlarga keng vakolatlar berilgan bo‘lsa-da, axborot-targ‘ibot tizimining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani fuqarolarning deputatlarga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir etayotganligi ham aytib o‘tildi.
Seminarda mahalliy kengashlarning rasmiy sahifalarini yuritish, ularga qo‘yiladigan talablar xususida fikr yuritilib, ishtirokchilarga deputatlik so‘rovlari, sessiya jarayonlari va doimiy komissiyalar yig‘ilishlarini yoritish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borilayotgan targ‘ibot kengashlar nufuzini oshirishi, fuqarolarning ishonchini mustahkamlashi va ochiq davlat boshqaruviga xizmat qilishi qayd etildi.

Seminar yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan aniq taklif va amaliy tavsiyalar ilgari surilib, yaqin istiqbolda amalga oshirilishi zarur vazifalar belgilab olindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA.