O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlari ekspertlar nigohida
Umumiy tarix, ma’naviy qadriyatlar birlashtirgan O‘zbekiston va Tojikiston Buyuk ipak yo‘lining o‘ta muhim bo‘g‘ini – Markaziy Osiyoning ikki muhim davlatidir.
Bu ikki qardosh xalqni birodarlikning o‘ziga xos rishtalari bog‘lab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon, bir oila a’zolaridek, ahil-inoq yashab kelayotgan o‘zbek va tojik xursandchilikda ham, g‘am buluti soya tashlaganda ham doimo birga bo‘lgan. Sodda qilib aytganda, o‘zbek va tojik millatini dutorning ikki toriga qiyoslash mumkin.
Bugungi kunda samarali, o‘zaro manfaatli O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi ikki xalqning uzoq muddatli manfaatlariga mos kelishi barobarida Markaziy Osiyodek keng qamrovli mintaqada tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
“Xalqaro minbar” loyihasida ikki mamlakat ekspertlari – siyosatshunoslik fanlari doktori Farxod Tolipov va Tojikiston Siyosatshunoslar milliy assotsiatsiyasi direktori Abdug‘ani Mamadazimov O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari va Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat xususida fikr yuritadi.
Farxod Tolipov, siyosatshunoslik fanlari doktori:

– Ikki xalqning mustahkam do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, o‘zaro hurmatga asoslangan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy mushtarakligi mamlakatlarimiz mustaqillikni qo‘lga kiritganidan keyingi yillarda ham munosabatlar rivojida asosiy omil bo‘lib kelmoqda. Hamkorlikning asosiy tamoyili 1993-yil 4-yanvarda imzolangan “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma, 2000-yil 15-iyunda kuchga kirgan “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma” hamda 2018-yil 17-avgustda qabul qilingan “Strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnomada muhrlangan.
Davlat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi.

Munosabatlar rivojlanmoqda. Bu ko‘p jihatdan O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati bilan bog‘liq. Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini e’lon qilgan. Jumladan, o‘zbek-tojik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi xalqaro maydonda kuzatilayotgan jadal o‘zgarishlar va mintaqadagi vaziyat bilan bog‘liq. Umumiy hududimiz xavfsizligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar ushbu ikki davlat siyosatini muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda.
Iqtisodiy hamkorligimiz, asosan, sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon, elektrotexnika, trasport, yengil sanoat, tibbiyot, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avto va temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish kabi sohalarda, shuningdek mintaqalararo muloqot sohasida amalga oshirilmoqda.

Mintaqa miqyosidagi barcha munosabatlar ham OAV, ham ekspertlar hamjamiyati e’tiborini tortadi. Ayni vaziyatda shuni qayd etish lozimki, o‘zbek-tojik munosabatlari ikki mamlakat uchun ham, butun mintaqa uchun ham alohida ahamiyatga ega.
Abdug‘ani Mamadazimov, Tojikiston Mustaqil siyosatshunoslar assotsiatsiyasi rahbari:

– Ikki qo‘shni mamlakat munosabati teng huquqli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi darajasiga ko‘tarilmoqda. Xalqlarimiz so‘nggi bir necha yil ichida yuz bergan beqiyos o‘zgarishlarga bevosita guvoh.
Bu sa’y-harakatlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoni qayta tiklashga qaratilgan va eng muhimi, o‘z vaqtida ilgari surilgan muhim tashabbuslarini to‘ldiradi, har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Endi faqat tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish zarur.
O‘zaro savdo-iqtisodiy aloqani hududlar darajasida ham rivojlantirishimiz kerak. Masalan, Surxondaryo bilan Xatlon, So‘g‘d bilan Farg‘ona o‘rtasida yoki Jizzax va Toshkent viloyatlari bilan umumiy kooperatsiya aloqalari yanada faollashadi.

O‘zbekiston va Tojikiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida yaqin sheriklar sifatida bir-biri tashabbuslarini muntazam qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tojikiston rahbariyati O‘zbekistonda mamlakat salohiyatini mustahkamlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, xalq farovonligini oshirish va davlatning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada ko‘tarish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlarni e’tirof etadi. Mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish tashabbusini ma’qullaydi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezident Emomali Rahmonning Tojikistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mintaqa xavfsizligini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Shubha yo‘qki, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi mamlakatlararo hamkorlik salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim qadam bo‘ladi. Tashrif doirasida Tojikistonning Toshkent shahridagi elchixonasi yangi binosi ochiladi. Bu muhtasham markaz an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilikni har tomonlama rivojlantirish, birodarlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Xulosa shuki, o‘zbek-tojik munosabatlarini yanada rivojlantirish dunyo miqyosida ahamiyati tobora ortayotgan Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashga ulkan hissa qo‘shadi. Bunday yondashuv bugun tinchlik haqida o‘ylamasdan, qandaydir masalalar ustida tortishayotgan davlatlar uchun namuna, deb o‘ylayman.
O‘tkir Alimov tayyorladi.
O‘zA