O‘zbekiston – Tojikiston: o‘zaro ishonch va umumiy taraqqiyot yo‘lida
Bugungi kunda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari izchil rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi va mazmunan yanada boyib bormoqda. Ikki davlat aloqalari nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, madaniy va diplomatik jihatdan ham ko‘p qirrali tus olgan.
Bu munosabatlar tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida shakllangan. O‘zaro hurmat va yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik an’analari aloqalarning mustahkam poydevoridir. Shu jihatdan sivilizatsion yaqinlik ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtiruvchi muhim omil sifatida namoyon bo‘lyapti.
Shu bilan birga, zamonaviy bosqichda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari yangi sifat kasb etmoqda. Ayni jarayonda ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning qat’iy siyosiy irodasi, o‘zaro ishonchga asoslangan muloqotlari va strategik yondashuvlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, ikki mamlakat hamkorligining huquqiy asosi qator muhim hujjatlar bilan mustahkamlangan. Jumladan, 1993-yil 4-yanvarda imzolangan “Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida”gi shartnoma, 2000-yil 15-iyunda kuchga kirgan “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi shartnoma hamda 2018-yil 17-avgustda qabul qilingan “Strategik sheriklik to‘g‘risida”gi bitim munosabatlarning huquqiy poydevorini belgilab bergan.
Hozirgi murakkab va ziddiyatlarga boy xalqaro vaziyatda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Davlat rahbarlarining uyg‘un siyosiy irodasi va amaliy hamkorligi tufayli ikki tomonlama aloqalar barqaror, izchil rivojlanmoqda.
Ayniqsa, mintaqaviy xavfsizlik masalasi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishni taqozo etmoqda. Umumiy hududda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi birgalikda chora ko‘rish, tashqi siyosatni muvofiqlashtirish bugungi kunning muhim talablaridan biriga aylangan.
Iqtisodiy hamkorlik esa sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika, transport, yengil sanoat, tibbiyot, ilm-fan hamda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi kabi sohalarda faol rivojlanmoqda. Shuningdek, avtomobil va temir yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar natijasida ikki tomonlama savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2016-yildan buyon savdo aylanmasi qariyb to‘rt barobar o‘sib, 2025-yil yakunida 900 million dollarni tashkil etdi.
Sanoat kooperatsiyasi kengayishi Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bozoriga birgalikda chiqish uchun yangi imkoniyat yaratmoqda. Natijada ikki davlat hamkorligining nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro ahamiyati ham ortyapti.
Umuman, munosabatlarning bugungi bosqichi sivilizatsion yaqinlik, o‘zaro manfaat va uzoq muddatli strategik maqsadlar uyg‘unligiga asoslangan yangi sifat darajasini namoyon etmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shu tariqa o‘zbek-tojik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilyapti.
Umuman, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabati nafaqat ikki tomon manfaati, balki butun Markaziy Osiyoda barqarorlik, hamkorlik muhitini mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shmoqda.
Sayfiddin Jo‘rayev,
Siyosiy fanlar doktori, professor
O‘zA