Yosh iste’dodlar sahnada
Buxoro viloyat musiqali drama teatrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan “Turon” maktab teatri respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi. Ushbu tanlov yosh avlodni san’atga oshno etish, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish hamda teatr madaniyatini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbir doirasida ishtirok etgan jamoalar o‘z mahorati va iste’dodini namoyon etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Davlat rahbarining tashabbusi asosida yo‘lga qo‘yilgan “Turon” maktab teatri loyihasi o‘quvchi-yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini boyitish, ularda san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish va ijodiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Viloyat “Kelajak” markazi direktori Muhammadjon Kamiljonovning ta’kidlashicha, mazkur loyiha nafaqat teatr san’atini rivojlantirish, balki o‘quvchilarda notiqlik mahorati va sahna madaniyatini shakllantirish, ularning ichki salohiyatini yuzaga chiqarishga ham katta turtki bermoqda. Shu bilan birga, ta’lim muassasalari qoshidagi teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ham asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.
[gallery-28544]
Tanlovning viloyat bosqichida shahar va tumanlar saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan eng iqtidorli jamoalar ishtirok etdi. Ular “Bizning maktab” nomli tanishtiruv va savol-javob, shuningdek, “Teatr – ibratxona” shartlari asosida o‘z chiqishlarini namoyon etdi. Ishtirokchilar sahnada nafaqat aktyorlik mahoratini, balki milliy qadriyatlarga hurmat, yuksak ma’naviyat va san’atga bo‘lgan muhabbatini ham yorqin ifodalashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Kogon shahridagi 3-umumta’lim maktabining “Elegant” jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Jondor tumanidagi 2-umumta’lim maktabining “Turon sadosi” jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buxoro shahridagi 43-umumta’lim maktabining “Ko‘hna Turon yoshlari” jamoasi esa 3-o‘ringa munosib deb topildi.
Tadbir so‘nggida g‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari