“Ko‘ngil bekati” to‘plami adabiyot muxlislariga taqdim etildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli ijodkor va shoira Nazokat Otaqulovaning “Ko‘ngil bekati” nomli she’riy to‘plamining taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur kitob “Qanot” ijodiy loyihasi doirasida “Yangi kitob” nashriyoti tomonidan chop etilgan bo‘lib, zamonaviy o‘zbek she’riyatidagi o‘ziga xos ovozlardan biri sifatida muallif ijodini keng kitobxonlar ommasi e’tiboriga havola etadi.
Taqdimot tadbirida yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, madaniyat namoyandalari ishtirok etib, muallif ijodi, uning yangi kitobi xususida batafsil so‘z yuritdi.
200 ga yaqin she’rni o‘z ichiga olgan “Ko‘ngil bekati” kitobi inson ruhiyatining nozik va murakkab holatlarini, qalb kechinmalari, hayotiy kuzatishlar, falsafiy qarashlarni o‘zida aks ettirgani bilan ahamiyatli.
[gallery-29090]
Shoira har bir she’rida insonning ichki dunyosiga chuqurroq kirib borib, uning quvonch va iztiroblari, orzu va intilishlari, armonlarini teran obrazlar orqali tugal tarzda ochib berishga harakat qiladi.
Kitobdagi ijod namunalarida Vatanga muhabbat, sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga ehtirom alohida o‘rin tutadi. Muallif Vatanni inson borlig‘ining ajralmas qismi sifatida talqin qilib, uning taqdiri va ravnaqini shaxs kamoloti bilan bog‘laydi. Shu bilan birga tabiat manzaralari, fasllar almashinuvi orqali hayotning abadiy harakati va yangilanish g‘oyasini aks ettiradi.
To‘plamdagi “Kuz”, “Boychechak”, “Bahor”, “Yomg‘ir”, “Tog‘lar”, “Iforli yalpiz”, “Uzoqlashib ketmoqdaman”, “Sog‘inch”, “Baxt nimada?”, “Ey, ishq”, “Navro‘z”, “Ko‘pkari” kabi she’rlar mazmun va shakl uyg‘unligi, obrazlar tizimining boyligi bilan ajralib turadi. Ularda muhabbatning otashin kuchi, sog‘inchning iztirobli lahzalari, inson va tabiat o‘rtasidagi ruhiy uyg‘unlik chuqur his ettiriladi.
Shoira har bir qarashida muayyan bir hodisaga ramziy ma’no yuklaydi. Uning she’rlarida sukunat – botiniy shiddatni, ishqsizlik – ruhiy azxobni, yoshlik – kamolotga yetaklovi imkoniyatlarni, unutmoq – ma’naviy yo‘qotishni anglatadi. Ijod esa muallif uchun hayotning bosh mazmuni, she’riyat inson ruhiyatini quvvatlantiruvchi qudratli manba sifatida talqin etiladi.
Shoira o‘z yozganlarida insoniy fazilatlarni ulug‘lab, do‘stlik, sadoqat, mehr-oqibat, ota-onaga hurmat, oilaviy qadriyatlar va jamiyatdagi ma’naviy munosabatlarni yuksak badiiy darajada yoritadi. U ayniqsa, ma’rifatga intilgan yosh avlod, yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotgan mard o‘g‘lonlar va fidoyi insonlar obrazini katta mahorat bilan tasvirlaydi.
Tadbirda muallif she’rlaridan namunalar o‘qildi. Ijodkor bilan jonli muloqot o‘tkazildi. “Ko‘ngil bekati” to‘plami she’riyatga oshno har bir kitobxon uchun o‘ziga xos ma’naviy ozuqa bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA