Xolisxon Qodirova – noyob ovoz sohibasi
Yurtimizda milliy musiqa merosini asrab-avaylash, uni o‘rganish va keng targ‘ib etish borasidagi sa’y-harakatlar yangi ma’naviy yuksalish bosqichini boshlab bermoqda. Ayniqsa, maqom san’atining noyob an’analari, ustoz-shogird maktablari hamda mumtoz ijrochilik yo‘llarini kelgusi avlodlarga yetkazishda fidoyilik ko‘rsatgan san’at namoyandalarining merosini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday ulug‘ siymolardan biri o‘zining betakror ijrosi, chuqur musiqiy tafakkuri va milliy an’analarga sadoqati bilan maqom san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, mohir xonanda Xolisxon Qodirovadir. Uning ijodiy merosi nafaqat milliy musiqa xazinamizning bebaho durdonasi, balki an’anaviy ijrochilik maktablari taraqqiyotida muhim manba sifatida e’tirof etiladi.
Shu bois, yurtimiz madaniy hayotida muhim o‘rin tutgan ushbu san’atkor tavalludining 90 yilligini keng nishonlash, uning ijodiy merosini ilmiy va amaliy jihatdan chuqur tahlil etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri.
Madaniyat vazirligi dasturiga asosan Xolisxon Qodirova ijodiy merosining milliy musiqiy tafakkurdagi o‘rni va ahamiyatini yoritish, an’anaviy ijrochilik maktablari doirasida maqom san’atining ilmiy-amaliy masalalarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, maqom xonandasi Xolisxon Qodirova tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Uyg‘ur maqom yo‘llari Xolisxon Qodirova ijrosida” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Mazkur konferensiya uyg‘ur maqom yo‘llarining badiiy, tarixiy hamda ijroviy xususiyatlarini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish, Xolisxon Qodirova ijodiy merosining milliy musiqiy tafakkurdagi o‘rni va ahamiyatini yoritish, shuningdek, an’anaviy ijrochilik maktablari doirasida maqom san’atining o‘ziga xosligini tahlil etishga bag‘ishlandi.
Anjuman davomida Xolisxon Qodirovaning boy ijodiy merosi, uning uyg‘ur maqom yo‘llarini talqin etishdagi o‘ziga xos uslubi, ijrochilik maktabi va milliy musiqiy tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasi atroflicha tahlil qilindi.
Maqom ustozlari ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish, yosh ijrochilar uchun amaliy tajriba almashish maydonini yaratish ham konferensiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Kunning ikkinchi qismida “Xolisxon Qodirova – noyob ovoz sohibasi” mavzusida badiiy-ijodiy kecha tashkil etilib, unda institut professor-o‘qituvchilari, Toshkent shahar Uyg‘ur madaniy markazi xodimlari hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi. Ijodiy kecha davomida Xolisxon Qodirovaning boy ijodiy merosidan namunalar, xususan, uyg‘ur maqom yo‘llariga mansub asarlar jonli ijroda yangradi. Uning o‘ziga xos ijro uslubi, keng diapazonli ovozi va nozik badiiy talqini yana bir bor namoyon bo‘lib, tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir davomida ustoz san’atkorning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan esdaliklar, fikr-mulohazalar bildirilib, uning maqom san’ati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida e’tirof etildi.
Mazkur badiiy kecha milliy musiqa an’analarini keng targ‘ib etish, yosh avlod qalbida san’atga bo‘lgan mehr va qiziqishni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
N.Usmonova, O‘zA