Zomin sari yo‘l: yosh ijodkorlar saralanmoqda
Joriy yilning 28-aprel kuni Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi go‘zal xiyobon yana bir bor adabiyot ixlosmandlari qadamidan fayzga to‘ldi — Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari mintaqaviy bosqichi shu yerda tantanali ravishda o‘z ishini boshladi.
Samarqand va Jizzax vohalaridan saralab olingan umidli yoshlar ijod namunalarini xolis baholash, eng munosiblarini iyul oyida o‘tadigan hal qiluvchi finalga yo‘llanma bilan taqdirlash hamda ularga mahorat sirlarini o‘rgatish maqsadida poytaxtdan nufuzli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlardan iborat ishchi guruh tashrif buyurdi.
Tadbir avvalida adabiyotimiz osmonining ikki porloq yulduzi — Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga ehtirom ramzi sifatida yodgorlik majmuasi poyiga gulchambarlar qo‘yildi, so‘ngra ishtirokchilar adiblar ruhiyatini yanada teran his etish uchun muzeyga sayohat qildi.
[gallery-29089]
Shundan keyin Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida seminarning ochilish marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Kun davomidagi ijodiy jarayonlar, bahs-munozaralar va ilhomga to‘la mushoira kechalari yosh qalamkashlarning iste’dod qirralarini yanada yorqin namoyon etdi. Eng munosib ishtirokchilar final bosqichi uchun saralab olindi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir To‘lqin Hayit, taniqli adabiyotshunos olimlar Rahmon Qo‘chqor va Gulandom Tog‘ayeva, bolalar shoiri Orif To‘xtash hamda shoira Gulchehra Shahobiddin qizi tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslari yosh ijodkorlarning badiiy tafakkurini charxlab, so‘z san’atiga bo‘lgan mehrini yanada mustahkamladi.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini yuksaltirish borasida qabul qilingan Prezident farmonlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida Zomin seminari kabi an’anaviy ijod maydonlari yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim o‘rin tutayotir.
Zomin sari boshlangan bu ilhomli yo‘l, shubhasiz, ertangi o‘zbek adabiyotining yangi sahifalarini yozishga bel bog‘lagan yoshlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA