Abduhoshim Ismoilov: Quva tumani Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning namunasi bo‘lganidan baxtiyorman (+video)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Quva tumanidagi “Karkidon” suv ombori hududida barpo etilgan yangi turizm majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan ham tanishdi.
Bugun ushbu maskan Farg‘ona vodiysida yozgi dam olish, ekoturizm va faol hordiq chiqarish uchun eng jozibador manzillardan biriga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, bu yerda qiymati 635 milliard so‘mlik zamonaviy turizm majmuasi shakllantirilmoqda. Hududda yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Bu kabi loyihalar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, hududlarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadini oshirishga xizmat qiladi.
Quva tumanda tug‘ilgan sozanda, bastakor, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim ISMOILOV O‘zA muxbiriga intervyu berib, maskanda amalga oshirilgan ishlar xususida to‘lqinlanib gapirib berdi.
– Quva tumani Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning bir namunasi ekanini kurib turibmiz, – dedi Abduhoshim Ismoilov. – Osmonlarda uchyapman, yuragimga yana kuch-g‘ayrat qo‘shilganini o‘zim his qilib turibman. Zero, men tug‘ilgan Quva tumani juda chiroyli, obod maskanga aylandi. “Karkidon” suv ombori atrofi dam oladigan, oilaviy hordiq chiqaradigan joy bo‘libdi. 1964-yillarda bu yerda o‘rtoqlarim bilan cho‘milib, baliq tutib yurardik. Shundan keyin oradan yillar o‘tib, mana endi kelyapman. Ko‘zim quvnab, ichimga sig‘madim, buning uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.
Quvaliklar xonadon eshigini taqillatsangiz, “men bog‘bonman, qaysi ko‘chatni ekay?” deydigan xalq. Ularga sharoit kerak edi, bog‘ qilsam, tadbirkorlik bilan shug‘ullansam deb yurardi. Bugun Yangi O‘zbekiston barpo etdik. Quva tumani misolida Yangi O‘zbekistonni butun dunyoga ko‘rsatsak arziydi.
Videointervyuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifamizda tomosha qiling.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1496V8eZ95Y" title="Abduhoshim Ismoilov: Quva tumani Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning namunasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDEV, Nosirjon HAYDAROV (surat), Iskandar ISMATOV (video), O‘zA