Aholisi eng xushmuomala davlatlar o‘nligi aniqlandi
Global tadqiqot natijasi xalqaro munosabatlar va turizm rivojiga sezilarli ta’sir etuvchi eng xushmuomala xalqlar reytingini e’lon qildi. "Top-10" ro‘yxatini qaysi davlatlar tashkil qildi?
Jahon miqyosida o‘tkazilgan yirik tadqiqot natijasiga ko‘ra, turli xalqlarning xushmuomalalik darajasi va mehmondo‘stlik an’analari o‘ziga xos reytingda aks etdi. “Naked Science” ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichlar nafaqat xorijiy sayyohlar taassuroti, balki xalqaro biznes aloqalariga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Demak, dunyoning eng sermulozamat 10 mamlakati bilan tanishishingiz mumkin:
10-o‘rin: Janubiy Afrika Respublikasi – 1,8 foiz. Afrika qit’asidan “Top-25” tarkibiga kirgan yagona vakil dunyoda o‘ninchi pog‘onani egalladi.
9-o‘rin: Finlandiya – 1,9 foiz. Skandinaviya davlatlari orasida bosiqligi, o‘zaro hurmatga asoslangan muloqot madaniyati bilan ajralib turadi.
8-o‘rin: Daniya – 2,1 foiz. Shimoliy Yevropaning navbatdagi vakili ijtimoiy uyg‘unlik va xushmuomalalik borasida yuqori bahoga loyiq.
7-o‘rin: Shvetsiya – 2,3 foiz. Yana Skandinaviya. Shvedlar ko‘hna qit’aning odob-axloq borasidagi nufuzini mustahkamlamoqda.
6-o‘rin: Germaniya – 2,8 foiz. Tartib-intizom, aniqlik bilan birga, nemislar muomala madaniyatida ham boshqalarga o‘rnak.
4-5-o‘rinni Yevropaning qator mamlakatlari bo‘lishib olgan. Umuman, “Top-25” ro‘yxatining yarmidan ko‘pi aynan shu qit’aga tegishli.
3-o‘rin: Buyuk Britaniya – 6,2 foiz. Yevropada eng yuqori natijaga ega inglizlar xushmuomalaligi ham haqli ravishda e’tirof etilgan.
2-o‘rin: Kanada 13,4 foiz ko‘rsatkich bilan Shimoliy Amerikaning eng mehmondo‘st o‘lkasi sifatida tan olindi. Qizig‘i shundaki, AQSH atigi 1,6 foiz ovoz bilan shimoliy qo‘shnisidan qariyb o‘n barobar ortda qoldi.
1-o‘rin: Shubhasiz Yaponiya – 35,2 foiz. Mutlaq g‘olib – yer yuzidagi eng xushmuomala mamlakat maqomini oqlab kelayotgan kun chiqar yurt vakillari. Asl hurmat ramzi hisoblangan ta’zim, jamoat joyidagi sokinlik va ijtimoiy odob-axloq me’yori yaponlarga asosiy raqibdan uch karra ko‘p ovoz olib berdi.
Xulosa: xushmuomalalik reytingida Yevropa davlatlari son jihatidan ko‘pchilikni tashkil etsa-da, Osiyo vakili – Yaponiya tozalik, vaqtga rioya qilish va atrofdagilarga chuqur hurmat ko‘rsatish alohida e’tirof etilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA