G‘azo va G‘arbiy Sohilda saylov: Mahmud Abbos tarafdorlari ko‘pchilik ovoz to‘pladi
Urush girdobidagi G‘arbiy Sohil va G‘azo sektorida dam olish kunlari mahalliy saylov bo‘lib o‘tdi. Qariyb yigirma yildan so‘ng sektorda ilk bor tashkil etilgan ushbu jarayon misli ko‘rilmagan qiyinchilik bilan kechdi.
“Kazinform” xabarida ovoz berish urush, G‘azodagi kam sonli saylovchi va HAMAS tomonidan jarayonga jiddiy qarshilik sharoitida o‘tganiga e’tibor qaratgan.
“Al Jazeera” xabariga ko‘ra, Falastin milliy ma’muriyati (FMM) Prezidenti Mahmud Abbos tarafdorlari ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Faqat anklav markazidagi Dayr al-Baloh shahrida bo‘lib o‘tgan, asosan ramziy ma’no kasb etgan mazkur jarayon mahalliy aholi uchun o‘ziga xos sinov vazifasini o‘tadi.
FMM Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Dayr al-Baloh shahri kengashida 15 o‘rin ajratilgan. Fath tomonidan qo‘llab-quvvatlangan noiblar 6 kishini tashkil etdi, mahalliy aholi va tahlilchilar HAMAS bilan aloqadorligini taxmin qiladigan ro‘yxat esa atigi ikki o‘rinni band qildi.

Qolgan mandatlar ikki mustaqil guruh o‘rtasida taqsimlandi: “Dayr al-Baloh kelajagi” va “Tinchlik va bunyodkorlik”.
Dayr al-Baloh 2023-yil oktabrdan beri davom etayotgan Isroil harbiy amaliyoti davrida nisbatan kamroq zarar ko‘rgan, deya taxmin qilinmoqda.
Komissiya rahbari Rami Hamdalloh Ramallohda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida yakuniy natija keyinroq e’lon qilinishini aytdi.
Falastin saylov komissiyasi (FSK) bayonotiga ko‘ra, G‘arbiy Sohildagi 183 mahalliy kengashda fuqarolar ovoz bergan. 197 mahalliy boshqaruv idorasida nomzod varaqasiz saylangan. Saylovda qatnashgan taxminan 522 000 saylovchi umumiy ishtirokchilarning 54-56 foizini tashkil etdi.
Prezident Mahmud Abbos yetakchiligidagi Fath harakati yaqqol ustun mavqeini saqlab qolgan G‘arbiy Sohilda HAMAS saylovni tan olmadi. Ya’ni, Abbosga yaqin nomzodlar aksar muzofotlarda jiddiy raqobatsiz, oson g‘alaba qozondi.
Sektorda faollik G‘arbiy Sohilga qaraganda ancha past edi. Rasmiy ma’lumot Dayr al-Balohda ro‘yxatdan o‘tgan taxminan 70 000 fuqaroning taxminan 22,7-23 foizi, G‘arbiy Sohilda esa taxminan 1,5 million saylovchining 53-56 foizi ovoz berganini ko‘rsatdi.
G‘azoda kam ishtirok qayd etilishi eskirgan aholi ro‘yxatidan foydalanilgani, shuningdek ommaviy ko‘chish va jang-jadal oqibati bilan bog‘liq.
Abbos falastinliklarni mahalliy saylov o‘tkazilgani bilan qutlab, mazkur voqea milliy va demokratik hayot uchun beqiyos ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Saylov Falastin xalqining milliy, demokratik ruhini, qiyin va istisno sharoitga qaramay, o‘z huquqini amalga oshirish istagini aks ettiradi, – dedi Mahmud Abbos.
Kuzatuvchilar G‘azo sektorida ovoz berish jiddiy cheklov davri bilan birga kelganini ta’kidlamoqda. Isroil cheklovi tufayli ba’zi saylov uskunalari manzilga yetkazilmagan. WAFA axborot agentligi ta’kidlaganidek, ko‘p joylarda mahalliy aholining o‘zi saylov varaqalarini chop etish, qutilarni mustaqil tayyorlashga majbur bo‘lgan.

DW xabariga ko‘ra, BMTning Falastin hududlari bo‘yicha gumanitar koordinatori Ramiz Alakbarov ushbu voqea falastinliklar o‘ta qiyin davrda o‘z demokratik huquqidan foydalanishi uchun muhim imkoniyat yaratganiga urg‘u berdi.
FSK mas’ullari esa ovoz berish jarayoni "Falastin xalqining o‘z yerida qolish va mamlakatini rivojlantirish istagi in’ikosi ekani"ni ta’kidladi.
– Asosiy g‘oya G‘arbiy Sohil va G‘azoni yagona siyosiy tizimga birlashtirishdir, – dedi FSK vakili Farid Tamalloh.
Falastin ma’muriyati Dayr al-Balohdagi ovoz berish tadbiri G‘azo va G‘arbiy Sohil bog‘liqligini namoyish etishi, 2007-yildan beri davom etib kelayotgan FATH va HAMAS o‘rtasidagi siyosiy bo‘linishga qaramay, kelajakdagi birlashgan Falastin davlati g‘oyasini ta’kidlashga urinish sifatida ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, G‘azo sektorida 2006-yildan buyon saylov o‘tkazilmagan edi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA