Sanoat va ekologiya uyg‘unligi: Ninbo po‘lat zavodi “yashil ishlab chiqarish” tamoyiliga sodiqlik namoyon etmoqda
SHHT doirasida o‘tkazilayotgan “Yashil va barqaror rivojlanish” forumi ishtirokchilari Ninbo shahrida joylashgan “Ningbo Iron and Steel Co., Ltd.” faoliyati bilan tanishdilar.
To‘liq ishlab chiqarish zanjiriga ega yirik metallurgiya majmuasi hisoblangan mazkur korxonadaxom ashyodan tortib temir eritish, po‘lat ishlab chiqarish, uzluksiz quyish jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlar qamrab olingan. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan zavod Xitoydagi ilg‘or sanoat korxonalaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Mehmonlar uchun maxsus tashkil etilgan sanoat sayyohligi dasturi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. “Aqlli ishlab chiqarishni kashf eting: po‘lat qanday yaratiladi?” shiori asosida ilgari surilgan ushbu loyiha orqali turli davlatlardan kelgan hamkasblarimiz po‘lat ishlab chiqarish jarayonini yaqindan kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, “Linsyao gullari” manzarali yo‘lagi, “Olovda toblangan po‘lat” eritish va qayta ishlash hududi, “Qizg‘in temir sharoralari” (Domna pechi jarayoni), “Po‘lat hosil qilinishi” (quyish chizig‘i) hamda “Tiniq suv kuzatuv maydoni” (suv tozalash tizimi) kabi maxsus maydonlar orqali murakkab jarayonning turli bosqichlari namoyish etildi.

Ayniqsa, korxonada joriy etilgan ekologik texnologiya – havo ifloslanishiningoldini olish, qoldiqni qayta ishlash va uglerod chiqindisini kamaytirish bo‘yicha yechimlar alohida e’tiborga loyiq. Bu bosqich “aqlli metallurgiya” unsurlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish barobarida ekologik xavfni kamaytirishga ham xizmat qilmoqda.
Sanoat va tabiat uyg‘unlashgan korxona hududida yashil bog‘lar, suv bo‘yida esa dam olish maskanlari tashkil etilgan. Shu tariqa majmua jamoatchilik uchun ochiq innovatsion makonga aylantirilgan.

Ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan mazkur tashabbus tegishli yo‘nalishda yuqori baholanib, Xitoydagi “Eng yaxshi jamoatchilik ishtiroki loyihalari”dan biri sifatida tan olingan.
Xullas, bugun sanoat korxonasida ham ekologik barqarorlikni ta’minlash, innovatsiya va texnologiya yordamida “yashil ishlab chiqarish”ga erishish mumkinligiga bevosita guvoh bo‘ldik. Eng muhim, mazkur loyiha SHHT mamlakatlari uchun sanoatni takomillashtirishda muhim tajriba bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Xanjou, Xitoy