Buyuk Britaniya qiroli AQSHga keldi va Tramp bilan uchrashdi (+video)
Buyuk Britaniya qiroli Charlz III AQSHga rasmiy tashrif bilan keldi, deb xabar berdi DW nashri.
Bu tashrifni AQSH va Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar Eron bilan bog‘liq urush sabab taranglashgan bir paytga to‘g‘ri keldi deyish mumkin. Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniya Tramp qirol va qirolicha Kamillani Oq uyda qabul qildi.
27-aprel kuni yetib kelgan qirol va uning rafiqasi tashrif doirasida bir qator uchrashuvlarda ishtirok etadi. Rejaga ko‘ra, Charlz III AQSH Kongressida nutq so‘zlaydi. Bu Britaniya monarxi tomonidan Kongressda aytilgan ikkinchi nutq bo‘ladi, bundan avval 1991-yilda qirolicha Yelizaveta II chiqish qilgan.
Shundan so‘ng, qirol va qirolicha Nyu-Yorkka borib, 2001-yil 11-sentabr terakt qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etadi.
Bu Britaniya qirolining AQSHga 2007-yildan beri birinchi tashrifi hisoblanadi. Tashrif kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tmoqda. Bunga 25-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tadbirdagi otishma sabab deyish mumkin. Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, Charlz III AQSHga “nozik” vazifa bilan kelgan. Uning maqsadi — so‘nggi vaqtlarda AQSH va Britaniya o‘rtasida Eron bilan bog‘liq mojaro tufayli sovib qolgan munosabatlarni tiklash.
Mart oyida Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQSHga Eronga qarshi zarba berish uchun Britaniya bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagan edi. Shuningdek, u Hurmuz bo‘g‘oziga harbiy kemalar yuborishni rad etdi.
Shundan keyin Donald Tramp Britaniya flotini tanqid qilib, uning kemalari eski ekanini aytdi. Xullas, munosabatlarga darz ketdi. Tramp shuningdek, NATO davlatlarini ham Eronga nisbatan pozitsiyasi uchun tanqid qilgan va hatto alyansdan chiqish ehtimolini ham o‘rtaga tashlagan.
O‘z navbatida, Kir Starmer energiya narxlarining o‘zgarishiga dunyodagi siyosiy qarorlar, jumladan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Donald Tramp harakatlarini sabab qilib, tanqid qilgan edi.
Shunga qaramay, Tramp Britaniya qirolining tashrifiga bu siyosiy kelishmovchiliklar ta’sir qilmasligini aytgan. U Charlz III ni “yaxshi inson va do‘st” deb atagan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/msFctOo0XZY" title="Buyuk Britaniya qiroli AQSHga keldi va Tramp bilan uchrashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA