Ukrainaning YeIga qo‘shilishi yana muhokamalar markazida (+video)
Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi masalasi bo‘yicha kutilmagan fikr bildirdi, deb xabar berdi Euronews.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning 2027-yil 1yanvardan Ukrainani Yevropa Ittifoqida ko‘rish rejasi bo‘lgan. Mersning ta’kidlashicha, buning iloji yo‘q, hatto 2028-yilda ham bu amalga oshmaydi. Chunki, Yevropa Ittifoqining kengayishi bo‘yicha bahslar davom etmoqda va bundan tashqari Ukraina hali ham Rossiya bilan urush holatida.
Mers shunday dedi: bir payt kelib Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolaydi, keyin esa Rossiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘lishi mumkin. Shu jarayonda mamlakatning ayrim hududlari Ukraina nazoratidan chiqib ketishi ehtimoli bor. Ayni damda Ukraina hududining 20 foizi Rossiya harbiylari nazorati ostida qolmoqda.
Bu fikrlar Kiprda bo‘lib o‘tgan norasmiy YeI sammitidan keyin aytildi. U yerda Zelenskiy Ukrainaga to‘liq a’zolik berishni talab qildi. U “ramziy a’zolik” g‘oyasini keskin rad etdi va Ukraina armiyasi Yevropani xavfdan himoya qilayotganini ta’kidladi.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina boshqa davlatlar kabi to‘liq a’zo bo‘lishni istaydi va buning uchun aniq muddat belgilanishini so‘ramoqda. U 2027-yil yanvarini ehtimoliy sana sifatida ko‘rsatgan.
Biroq Rossiya Ukrainaning ayrim hududlarini berishini talab qilmoqda va bosib olingan yerlarni o‘ziniki deb tan olishga harakat qilyapti. Zelenskiy buni rad etib, bu xalqaro huquqqa zid ekanini bildirmoqda.
Yevropa komissiyasi, garchi Ukraina pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlasa-da, aniq sana belgilamagan. Chunki, Ukrainada bahsli va yechilishi kerak bo‘lgan muammolar bor va ularni hal qilmasdan turib a’zolikka o‘tish mutlaqo mantiqsiz.
Mers Ukrainaga“kuzatuvchi” maqomini berishni taklif qilgan. Bu holatda Ukraina YeI ishlarida ishtirok etadi, lekin ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi. Bu g‘oya avval hech qachon qo‘llanilmagan bo‘lsa-da, ayrimlarga ma’qul kelgan va qo‘llab-quvvatlangan.
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta Ukraina islohotlarini maqtadi, ammo sun’iy muddatlar qo‘ymaslik kerakligini aytdi. Ularga ko‘ra, YeIga a’zo bo‘lish — barcha davlatlar bir ovozdan rozi bo‘lishi kerak bo‘lgan siyosiy qaror.
Ayni paytda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban saylovda yutqazganidan keyin Ukraina masalasidagi muzokaralar olg‘a siljishi mumkin, deb ko‘pchilik umid qilmoqda. Chunki, Orban Ukraina a’zoligiga qarshi bo‘lib kelgan edi.
Qisqacha aytganda,Ukraina uchun YeIga a’zo bo‘lish yo‘li hali uzoq va murakkab bo‘lib, yechilishi kerak bo‘lgan urush, hududiy va siyosiy masalalar turibdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Og_vBH0-s_4" title="Ukrainaning YEIga qo‘shilishi yana muhokamalar markazida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA