“Yashil belbog‘lar”da anomal issiq tafti yumshatilmoqda
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “afg‘on shamoli” ta’sirini kamaytirish uchun vohaning Angor va Termiz tumanida “yashil belbog‘”lar tashkil etildi.
Yashil boyliklarni yoz chillasidagi anomal issiqdan saqlab qolish uchun ihota daraxtzorlarini sug‘orishga alohida e’tibor berilmoqda. Ayni paytda Angor tumanining M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydonida 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yerda viloyatdagi 6 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi 270 ming tup, Termiz tumani “Kattaqum” dahasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari tashabbusi bilan 82 gektar yer maydonida 218 ming tup mevali va manzarali daraxt, Yangiobod mahallasi hududidagi 31 gektar yer maydonda 12,7 ming tup “eldor” qarag‘ay ko‘chati ko‘kka bo‘y cho‘zmoqda.

Surxondaryoliklar “afg‘on shamoli” ta’siridan aziyat chekib keladi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va daraxt ihotazorlarining kamayib ketgani shamol eroziyasini yuzaga keltirib, odamlar salomatligi va tuproq unumdorligiga salbiy ta’sir etmoqda.

– Kutilmaganda yuz beradigan chang to‘zonlari allergologiya sohasida uchraydigan kasalliklar, jumladan, allergeklinit, bronxial astma, palenoz kabi kasalliklarga bevosita ta’sir etadi, – deydi Surxondaryo tibbiyot klasteri allergolog shifokori Fayzullo Turdiyev. – Viloyatda tez-tez kuzatiladigan “afg‘on shamoli” va boshqa changli shamollar bu kasalliklarning xuruj davrini tezlashtiradi. Kasallik nisbatan yosharyapti. Ya’ni, kichik yoshdagi bolalarda ham bronxial astma kuzatilmoqda. Keksalarda bu kasalliklarning foizi o‘smoqda.

Viloyatda bu holatning oldini olib, ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga davlat darajasida e’tibor qaratilgani va ilmiy asosda yondashilayotgani chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirib, bu turdagi kasalliklarning chekinishi va tuproq ko‘chishining oldini olib, yerlarni eroziyadan saqlashga xizmat qiladi. Tevarak-atrofning aniq reja va maqsad asosida ko‘kalamzorlashtirilayotgani iqlimni yumshatadigan tabiiy to‘siq, shamol va changdan himoyalaydigan “yashil qalqon” vazifasini o‘taydi. Tuproqni ko‘chishdan asraydi. Atmosfera havosi sifatini yaxshilaydi.

– Joriy yil yaratilgan “yashil belbog‘lar”ni o‘z vaqtida sug‘orib, parvarishlashning aniq hisob-kitobi olingan, – deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov. – Oqova suv yetib bormaydigan hududlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, suv qudug‘i qazilgan. Transformator o‘rnatilib, elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Har biri 50 ming kub sig‘imga ega to‘rtta suv havzasi qurilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘chatlarni yozning jazirama issig‘idan betalafot saqlab qolish uchun o‘z vaqtida sug‘orilib, parvarishlanmoqda. Buning uchun har bir hududga mas’ul ishchilar biriktirilib, ularga yetarli sharoit yaratilgan.

“Yashil belbog‘lar”ga hududlarning iqlim sharoitiga mos “eldor” qarag‘ay, “virgin” archa, tuya, tut, katalpa singari manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Ularni yoz chillasida sug‘orish va parvarishlash malakali mutaxassislar bilan bamaslahat holda olib borilyapti. Bu yondashuv yashil boyliklarning anomal issiq sharoitda ham unib-o‘sishi va kelajakda shamol tezligini kamaytirib, tuproqni ko‘chishdan saqlash hamda maxsus himoya chizig‘i vazifasini bajarishga qulay muhit yaratmoqda. Monitoring tizimi kuchaytirilib, ekologik o‘zgarishlarni baholashda davlat kosmik monitoringi ma’lumotlaridan faol foydalanish yo‘lga qo‘yilayotir. Eroziyaga qarshi kurashish uchun yerlarni qayta ishlashning zamonaviy va tejamkor agrotexnik usullarini joriy etishga alohida ahamiyat berilmoqda. Zero, yirik mablag‘ va mehnat evaziga barpo etilgan himoya chiziqlaridagi ko‘chatlarning yoz chillasida ko‘kka bir tekis bo‘y cho‘zayotgani inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar o‘z samaralarini berayotgani va odamlarning yanada obod, farovon hayotga ishonch tuyg‘usini mustahkamlayotganini keng namoyon etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri