12,5 trillion so‘mlik yashirin soliq bazasi aniqlandi
2026-yilning birinchi yarmida davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan soliq auditlari mamlakatda soliq ma’murchiligini takomillashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida 2 ming 335 ta tadbirkorlik sub’ektida soliq auditi o‘tkazilgan bo‘lib, bu jami 601 ming nafar faol soliq to‘lovchining atigi 0,4 foizini tashkil etadi.
Bu raqam muhim jihatni namoyon etadi: bugungi kunda soliq nazorati barcha tadbirkorlarga emas, balki xavf tahlili asosida tanlangan sub’ektlarga yo‘naltirilmoqda. Ya’ni, soliq organlari raqamli tahlil, elektron ma’lumotlar bazasi va risklarni baholash tizimi orqali qonunbuzilish ehtimoli yuqori bo‘lgan sub’ektlarni aniqlab, tekshiruvlarni manzilli tashkil etmoqda.
Audit natijalari mamlakat iqtisodiyotida yashirin aylanmalar hali ham salmoqli ekanini ko‘rsatdi. Tekshiruvlar davomida 1 ming 124 ta soliq to‘lovchida 12,5 trillion so‘mlik yashirin soliq bazasi aniqlangan.
Tahlil qilinsa, qonunbuzilishlarning asosiy qismi uch yo‘nalishda to‘plangan. Jumladan, realizatsiya qilingan tovarlarni hisobotda ko‘rsatmaslik, ombor va savdo nuqtalaridagi tovarlarning hisob bilan mos kelmasligi, kirim qilinmagan tovarlarni saqlash yoki sotish.
Bu holatlar nafaqat davlat byudjetiga tushumlarni kamaytiradi, balki bozorda noqonuniy raqobat muhitini ham shakllantiradi. Soliqlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘layotgan tadbirkorlar uchun bunday holatlar iqtisodiy adolat tamoyiliga zid hisoblanadi.
Audit natijalariga ko‘ra, qo‘shimcha hisoblangan soliqlarning qariyb 71 foizi savdo, umumiy ovqatlanish va qurilish sohalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Buning bir nechta iqtisodiy sabablari mavjud. Birinchidan, ushbu sohalarda naqd va naqdsiz hisob-kitoblar hajmi yuqori bo‘lib, aylanmalar juda katta.
Ikkinchidan, qurilish sohasida subpudrat munosabatlari, materiallar harakati va hisob-kitoblar ko‘p bosqichli bo‘lgani sababli soliq xavfi nisbatan yuqori hisoblanadi. Uchinchidan, savdo sohasida tovar harakatini to‘liq raqamlashtirish va elektron hisob-fakturalar tizimini yanada keng joriy etish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Yarim yillik auditlar natijasida 8,2 trillion so‘m qo‘shimcha soliq hisoblangan. Bu mablag‘lar davlat byudjeti daromadlarini oshirish, ijtimoiy sohalarni moliyalashtirish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda aholini qo‘llab-quvvatlash dasturlari uchun muhim resurs hisoblanadi.
Hozirgi kunga qadar to‘lov muddati yetgan 4,5 trillion so‘mning 455 milliard so‘mi undirilgan. Bu esa soliq qarzlarini undirish jarayoni bosqichma-bosqich davom etayotganini anglatadi.
So‘nggi yillarda elektron hisob-fakturalar, onlayn nazorat-kassa mashinalari, elektron tovar-transport yukxatlari, markirovka tizimi va ma’lumotlar almashinuvining raqamlashtirilishi soliq xavflarini aniqlash imkoniyatlarini kengaytirdi.
Endilikda tekshiruvlar inson omiliga emas, balki ma’lumotlar tahlili va avtomatlashtirilgan risk indikatorlariga asoslanmoqda. Bu esa bir tomondan halol tadbirkorlarni ortiqcha tekshiruvlardan himoya qilsa, ikkinchi tomondan qonunbuzilishlarga nisbatan ta’sirchan nazoratni ta’minlaydi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA