Sudyalar va tadbirkorlar muloqoti
Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyati boshqarmasida sud tizimi xodimlari va tadbirkorlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining bu yilgi an’anaviy tadbirkorlar bilan muloqoti oldidan tashkil etilgan tadbirda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati hamda nizolarni sudsiz, o‘zaro kelishuv asosida hal etishning afzalliklari haqida so‘z yuritildi.
Dastlab, Samarqand viloyati hamda tumanlararo iqtisodiy sudlar sudyalari qonunning o‘ziga xos xususiyatlari, xorijiy tajriba va milliy amaliyot to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni mediatsiya tartib-taomillari orqali bartaraf etish eng samarali yo‘l ekanligi qayd etildi.

– Mediatsiyaning boshqa huquqiy jarayonlardan afzalligi shundaki, bundan ikki tomon ham yutadi, – dedi Samarqand viloyati sudining sudyasi B.Jo‘rayev. – Nizolar oylab davom etadigan sud majlislarisiz, qisqa muddatda, hatto bir kunda hal etilishi mumkin. Eng muhimi, ortiqcha sud bojlari, advokat yoki ekspertlar xizmati uchun sarflanadigan chiqimlarning oldi olinadi. Yakuniy qarorni esa sud emas, taraflarning o‘zlari qabul qiladi. Bu usul biznes vakillarining vaqtini va mablag‘ini tejaydi.


Tadbirda ta’kidlanganidek, mediativ kelishuv jarayoni mutlaqo maxfiy bo‘lib, tadbirkorlarning ishchanlik obro‘sini saqlab qolishga xizmat qiladi. Qolaversa, taraflar istalgan vaqtda ushbu jarayonni to‘xtatish huquqiga ega.
Davra suhbati davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ish faoliyatlari bilan bog‘liq ayrim masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri