“O‘zkimyosanoat”da investitsiya dasturi 105 foizga bajarildi
Bu haqda jamiyat axborot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Investitsiya dasturi doirasida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirildi.
Bu davrda tarmoqni modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida salmoqli natijalarga erishildi.
Hisobot davrida jami 283,2 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, investitsiya dasturida belgilangan ko‘rsatkichlar 105 foizga bajarildi. Shundan 278,2 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 5 million dollari esa davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobiga jalb qilindi.
Shuningdek, yarim yil davomida umumiy qiymati 14,9 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 3 ta investitsiya loyihasi foydalanishga topshirildi. Natijada yillik 177 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi hamda 147 ta yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mazkur loyihalar ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, shuningdek, aholi bandligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA