Aholining naqd pulsiz to‘lovlari ulushini 75 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada yashirin iqtisodiyotni qisqartirish davlat iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Hujjatda bu borada raqamlashtirishni kengaytirish, naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish, rasmiy bandlikni oshirish hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 2019-yilda yalpi ichki mahsulotning 50 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 25 foiz atrofigacha kamaygan.
Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi tegishli farmoni bilan 2030-yilga qadar kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini yana 1,3 barobarga qisqartirish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholining naqd pulsiz to‘lovlari ulushini 75 foizga yetkazish, shuningdek, rasmiy bandlikni kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
Fiskal strategiyaga muvofiq, tadbirkorlik sub’ektlari va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning norasmiy iqtisodiyotdan rasmiy sektorga o‘tishini rag‘batlantirish choralari kuchaytiriladi.
Buning uchun tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish va faoliyat yuritish tartiblari yanada soddalashtiriladi. Soddalashtirilgan soliq rejimidan umumiy rejimga o‘tish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Halol soliq to‘lovchilarga nisbatan nazorat tadbirlari qisqartiriladi. Aholi va tadbirkorlarda soliq to‘lash madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari kengaytiriladi.
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Xususan, elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi takomillashtiriladi. Onlayn nazorat-kassa mashinalari ma’lumotlari chuqur tahlil qilinadi. Raqamli markirovka tizimi kengaytiriladi. Davlat organlari axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinadi.
Shu bilan birga, chakana savdo, umumiy ovqatlanish, qurilish, ko‘chmas mulk ijarasi, qishloq xo‘jaligi hamda yo‘lovchi va yuk tashish sohalarida yashirin iqtisodiyot xavfini kamaytirish bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi. Strategiyada bank kartalari, QR-kod orqali to‘lovlar, mobil ilovalar va elektron to‘lov xizmatlaridan foydalanishni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, marketpleyslar faoliyatini rivojlantirish, elektron to‘lovlardan foydalanishni rag‘batlantirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etish orqali iqtisodiyotning shaffofligi oshiriladi.
Hujjatda mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Buning uchun, ishga qabul qilish va mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish tartiblari soddalashtiriladi. Rasmiy ish bilan ta’minlangan fuqarolar uchun ipoteka, kredit va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi. Ish beruvchilarga xodimlarni qonuniy ishga rasmiylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha rag‘batlar beriladi.
Soliq nazoratida xavflarni baholashga asoslangan yondashuv joriy etiladi. Nazorat tadbirlari asosan qonunbuzarlik ehtimoli va byudjetga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar yuqori bo‘lgan sohalarga yo‘naltiriladi. Shuningdek, soliq nazorati xalqaro TADAT metodologiyasi asosida takomillashtirilib, raqamlashtiriladi.
Fiskal strategiyada belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida, yashirin iqtisodiyot ulushini yanada qisqartirish, byudjet daromadlarini oshirish, soliq tizimida shaffoflikni kuchaytirish, halol raqobat muhitini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, investorlar uchun ishonchli va barqaror iqtisodiy muhit yaratish maqsad qilingan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA