Jurnalistlar mehnati e’tirof etildi
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Erta tongdan ishtirokchilar uchun sport musobaqalari va qiziqarli tadbirlar uyushtirildi. O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan duatlon hamda pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Harbiy psixologlar ishtirokida psixologik treninglar tashkil qilinib, qatnashchilarga qiziqarli mashg‘ulotlar taqdim etildi.
Shuningdek, mehmonlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, zamonaviy qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasini tomosha qildi.
Tadbirning ikkinchi qismi harbiy qism Madaniyat markazida davom etdi. Viloyatning taniqli san’atkorlari hamda harbiy orkestr jamoasining ishtirokidagi chiqishlar barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-30101]
Yakunda sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar, shuningdek, harbiy sohada amalga oshirilayotgan jangovar tayyorgarlik, ma’naviy-ma’rifiy va harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini keng yoritishda faol ishtirok etgan soha vakillari qo‘mondonlik tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir ommaviy axborot vositalari va harbiy tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jurnalistlar mehnatini qadrlash hamda aholini xolis va tezkor axborot bilan ta’minlashdagi xizmatlarini e’tirof etishga xizmat qildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA