Faol kitobxonlar taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat Axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi tomonidan mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh xodimlar o‘rtasida “Kitob-ma’rifat manbai” shiori ostida “Eng faol yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan тадбирда viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yoshlar, kasaba uyushmalari faollari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari A.Ahmedov so‘zga chiqib, mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
Tanlov davomida ishtirokchilar tashkiliy qo‘mita tomonidan tavsiya etilgan o‘zbek va jahon adabiyoti durdona asarlari hamda ilmiy publitsistik adabiyotlar bo‘yicha o‘z bilimini namoyish etib, test va savol-javoblar shartlari asosida bellashdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvda faxrli Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi Muxriddin Xidirov birinchi, Termiz iqtisodiyot va servis universiteti o‘qituvchisi Feruza Raxmonqulova ikkinchi, Termiz shahar 1-texnikumi o‘qituvchisi Jamshid Hazratqulov uchinchi o‘rinni egalladi.
[gallery-30103]
Faol ishtirokchilar va g‘oliblar kasaba uyushmalarining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan kitobxonlarga Samarqand viloyatiga 2 kunlik sayohatga borish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kitobga mehr va muhabbatni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyat kasb etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA