Jiddiy xavotir: 5 yilda narkojinoyatlar qariyb 2,5 baravarga oshdi (+video)
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda 26-iyun –Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi.
Bugungi kunda giyohvandlik va narkojinoyatlar bilan bog‘liq holatlar yildan yilga ortib, butun jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda narkojinoyatlar qariyb 2,5 baravarga oshdi. Noqonuniy muomaladan olingan narkotiklar 2 baravarga, sintetik giyohvandlik vositalari esa 7 baravarga keskin ko‘paydi. Ayniqsa, narkojinoyatlarning transmilliy, texnologik va yashirin shakllarga o‘tayotgani esa jiddiy xavotir uyg‘otmoqda.
[gallery-30096]
Tadbirda qayd etilganidek, Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashabbusi va muvofiqlashtiruvi ostida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirish, ularni ogohlikka chaqirish maqsadida 568,4 ming marotaba targ‘ibot va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlarga 12 milliondan ortiq aholi, shundan 9 millionga yaqin yoshlar jalb etildi.
Qisqa qilib aytganda, bugungi kunda mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda tashkiliy, huquqiy va profilaktik choralar izchil amalga oshirilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Davronov (video),
O‘ktam Hayitov(surat),
O‘zA