Yuridik ta’limda huquqiy ko‘nikmalarning ahamiyati
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu jarayonda ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlash masalasi alohida o‘ringa ega.
Sifatli ta’limni tashkil etishda ta’lim metodlari, zamonaviy yondashuvlar hal qiluvchi omillardan hisoblanadi. Turli ko‘nikmalar, mantiqiy tafakkur, kreativ yondashuv va tanqidiy fikrlash tamoyillari bilan yo‘g‘rilgan dars mashg‘ulotlarini tashkil etish va mantiqiy tafakkurni rivojlantirish asrimizning dolzarb talablaridan biriga aylandi.
O‘tgan asrdan farqli o‘laroq, hozirgi raqamli texnologiyalar va yalpi savodxonlik asri texnologik yutuqlar, ko‘p madaniyatli jamiyat, insonning harakatchanligi, global infratuzilma, ijtimoiy tarmoq, innovatsiyalar, ijodkorlik va inklyuzivlik davrini boshlab berdi.
Xususan, yurtimizda ham malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladigan, pragmatik va sifatli ta’lim berish va ob’ektiv baholash strategiyalarini samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratila boshlandi.
bugungi kunga kelib “fikrlash qobiliyati”, “fikr yuritish qobiliyati”, “tanqidiy fikrlash” va boshqalar huquq yo‘nalishi talabalari uchun asosiy atributlar ro‘yxatiga kiritildi. Kvinslend universitetining huquq maktabida o‘tkazilgan turli so‘rovnomalarga ko‘ra, huquqiy muammolarni aniqlash, tahlil qilish va belgilashda, avvalo, berilgan huquqiy vaziyat aynan huquqning qaysi tarmog‘iga oidligini aniqlab olish lozim.
Chunki muammo jinoyat, jinoyat-protsessual, fuqarolik, fuqarolik-protsessual, ma’muriy, xo‘jalik, mehnat huquqi va boshqa huquq sohalarining ma’lum bir doirasida bo‘ladi va bunda aynan qonunchilikdagi shu yo‘nalish bo‘yicha harakat qilish lozim.
Ma’lumki, yetarli adabiyotlar bilan ta’minlangan huquqshunoslar fundamental tadqiqotlarni ham qiynalmasdan amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Albatta, bunda ilmiy rahbar bilan birga olib borilayotgan tadqiqot uchun hozirda mavjud maxsus metodlar, ya’ni ushbu fan doirasida va umumta’lim fanlar metodlari (deylik, qiyosiy tahlil va deduksiya) asosida tashkillashtirilishi kelishib olinadi va olingan natijalar tahlil qilib boriladi.
Bundan tashqari, mustaqil ravishda huquqiy masalalarga tanqidiy yondashuvlarni qo‘llash kerak. Bunda yakuniy fikr va hukmga yuridik tushunchalar, huquqiy tamoyillar hamda siyosiy qadriyatlarga tayanilgan holda, qonunning asosi va ijrosi orqali kelinadi. Shuningdek, fikrlarni baholash, tezkor qarorlar qabul qilish va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish lozim.
bugungi kunda 300 dan ortiq interfaol metodlar orqali yuridik fanlar sohasi, qolaversa, boshqa fan tarmoqlari vakillari ham o‘z faoliyatlarida ushbu metodlardan foydalanib, zaruriy natijalarga erishmoqda. Demak, bugungi davrning asosiy talabi hisoblangan qisqa vaqtda aniq va to‘g‘ri qarorlar qabul qila olishni yoshlarga o‘rgatishda zamonaviy metodlardan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega.
Har bir fan yoki sohaning o‘z tamoyillari, metodologiyasi va yangicha rivojlanayotgan paradigmalari bo‘ladi. Huquqiy ta’lim jarayonida ham o‘ziga xos pedagogik metodlardan samarali foydalanish, amaliyotdagi huquqiy ko‘nikmalar orqali sifatli ta’lim jarayonini tashkil etish shu yo‘nalishdagi pedagoglar, professor-o‘qituvchilardan alohida mas’uliyat talab qiladi.
Sh.TOSHPO‘LATOV,
D.ALAEVA,
TDYUU o‘qituvchilari.
O‘zA