Yosh ijodkorlar maktabidagi ijodiy tantana
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi Adabiyotni targ‘ib qilish byurosi bosh muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan davrlar, uni ijod cho‘qqilari sari dadil harakat qilishga undadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Guliston shahrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi Ijod maktabi tashkil etilganida ko‘pchilik sirdaryoliklarni “Ona tili va adabiyoti fanini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan nufuzli maktabga kim rahbar bo‘larkan?” degan fikr o‘ylantirgani tabiiy. To‘g‘rida, hukumatning alohida e’tiborida turgan ijod va ixtisoslashgan tayanch maktablariga rahbarlik qilish, boshqarishning mas’uliyati ham yuqori bo‘ladi-da.
O‘shanda ushbu ijod maktabiga iqtidorli shoir, ajoyib jurnalist, publitsist Muhammad Ismoilov rahbar etib tayinlanganini eshitgach, “Haqiqatdan munosib nomzod tanlanibdi” deyishgandi.

Muhammad Ismoilov Sirdaryoda tug‘ilib o‘sdi. Shu yurtda, shu xalq orasida kamol topdi va shu vohadagi umumiy o‘rta ta’lim maktabini tamomlagach, 1981-1986 yillarda Toshkent davlat (hozirgi O‘zbekiston milliy) universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi Adabiyotni targ‘ib qilish byurosi bosh muharriri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan davrlar, uni ijod cho‘qqilari sari dadil harakat qilishga undadi.
Ustozlari yosh Muhammaddagi iqtidor, tashabbuskorlik, yangi g‘oyalarga intiluvchanlikni ko‘rib uni avval “Yoshlik” jurnali bosh muharriri o‘rinbosarligi, keyinroq “Oila va jamiyat” gazetasi bosh muharriri singari mas’uliyatli vazifalarda katta sinovlardan o‘tkazdi. Bu esa, o‘z navbatida, uning iqtidorini toblab, ijoddagi yutuqlari yuksalib borishiga sabab bo‘ldi.

Muhammad Ismoilov, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” telekanali bosh direktori o‘rinbosari, G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU direktor o‘rinbosari – bosh muharrir, TDSM instituti rektoratida bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan davrlarini, ijodda ham, mehnatda ham eng yorqin xotiralar bilan muhrlanib qolganini ta’kidlaydi.
Ijoddagi xotiralarini u shunday yodga oladi:
– “She’r yozishni maktab davrida boshlagan bo‘lsam, universitetda o‘qib yurgan kezlarim mamlakatimizni qator gazeta va jurnallarida ijod namunalarim chop etildi. Lekin ilk she’riy kitobim, ijod qilishni boshlaganimdan 10-15 yillar o‘tib “Tazarru saodati” nomi bilan, 1991 yil 15 ming nusxada nashr etildi. Shundan keyin qisqa davr mobaynida 15 dan ortiq kitobim o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.

Darhaqiqat, Muhammad Ismoil taxallusi bilan “Tasavvur chiziqlari”, “Ko‘ngil mulkiga safar”, “Sahroyi gullar”, “Siz hamon o‘shasiz”, “Sizni sevmay bo‘ladimi”, “Bahorning eng so‘nggi lolasi”, “Chiroylisan, tengi yo‘q”, “Ko‘ksimni kuydirgan alanga”, “Osmon to‘la orzular”, “Meni kuchliroq sev”, “Osmoningdan uzilma ey, dil!”, “To so‘nggi nafasgacha”, ”Millat yuragining durdonalari”, “Gapning qisqasi yaxshi”, “Oyga osilgan bayroq”, “Menga so‘z bering” singari kitoblari o‘quvchilar qalbidan chuqur o‘rin egallay oldi.
O‘z asarlari ekranga, mo‘’jizakor tasmaga ko‘chishini orzu qilmaydigan ijodkor topilmaydi. Muhammad Ismoil garchand ataylab film uchun ssenariy yozmagan bo‘lsa-da, uning asarlari asosida yaratilgan o‘n sakkizta badiiy film hamon tomoshabin e’tiborida ekanligi ijodkorning nasrda ham ulkan iqtidor egasi ekanidan dalolat beradi.
“Izg‘irinli kunlarning biri”, “Qismat”, “Oy chiqmagan oqshom”, “Yangi oy chiqqan kecha”, “Mohinur”, “Atirgul”, “Antiqa debyut”, “Balog‘at bekati”, “Yulduzsiz osmon”, “Qalbim ardog‘i”, “Vasiyat” kabi Muhammad Ismoil asarlari asosida yaratilgan badiiy filmlarni bugun ham tomoshabin katta qiziqish bilan tomosha qilmoqda.

Shu o‘rinda shoirning she’rlari mashhur hofizlar tomonidan kuyga solinib, ijro etib kelinayotgani va ularni tinglovchilar jon qulog‘i bilan tinglayotgani Muhammad Ismoilning yuksak iqtidoridan dalolat beradi.
E’tiborli tomoni, bugun Muhammad Ismoilning ijod namunalari nafaqat, o‘zbek va rus tillarida, balki jahon millatlari tillari, jumladan turk, qirg‘iz, qozoq, ozarbayjon, hind, ingliz tilida ham sevib o‘qilayotgani, tahsinga loyiq.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Turon Fanlar akademiyasi akademigi, “Istiqlol tongi” mukofoti laureati, shoir, yozuvchi, jurnalist – Muhammad Ismoilov bugun bo‘lajak sirdaryolik yosh qalamkashlarga ijod sir-asrorlarini o‘rgatayotgan Halima Xudoyberdiyeva nomli maktabga rahbarlik qilish bilan birga ijodda ham sermahsul faoliyat olib bormoqda.
Ijod maktabining ta’rifi xorijlik mutaxassislar e’tiboriga tushgani ham muassasada ishlar yuqori saviyada olib borilayotganidan dalolat beradi.

Turkiyaning (sobiq) O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er, Maorif vazirining bosh maslahatchisi Alp Arslon, mamlakatimizning eng buyuk hofizu, shoirlari, yozuvchi-yu jurnalistlarining maktabga tashrif buyurib, bu yerda tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashib, dildan suhbatlashishi va ularga mahorat saboqlarini o‘tab berganlarining o‘zi Ijod muassasasi obro‘ me’yorining qay darajada yuqori ekanini ko‘rsatib turibdi.
Kuni kecha Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida xuddi shunday ijodiy uchrashuvlardan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi, shoir, publitsist va tarjimon Amirqul Karim yosh ijodkorlar bilan uchrashdi.
Tadbirda ijod maktabi o‘quvchi yoshlariga mahorat darslarini o‘tish barobarida ijod maktabi direktori Muhammad Ismoilovga – yosh avlod qalbida milliy meros va adabiyotga mehr uyg‘otishdagi ibratli murabbiylik faoliyati uchun “Oltin meros” medali tantanali topshirildi.
– Muhammad Ismoilning ilk ijodi bilan tanishganimda hali 20 yoshga to‘lmagan, mo‘ylovlari endigina sabza ura boshlagan yigitcha edi, – deydi Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi Amirqul Karim. – Muhammadning asarlarida Vatan madhi, sadoqat sobitligi, muhabbat otashi, mehr-muruvvat yog‘dusi yarqirab turadi. Muhammad Ismoilning ijoddagi mehnatsevarligi, o‘ziga nisbatan talabchanligi, asarlaridagi falsafa va lirikasiga ta’rif topish mahol. Bugun mana shunday sharafli, o‘ta mas’uliyatli ijod maktabi rahbarligidek vazifada namunali ko‘rsatkichlar bilan ishlash bilan birga ijodda ham teranlik ko‘rsatayotgani barchamizga namuna bo‘lmog‘i lozim.
Tadbirda yig‘ilganlar Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi va uning rahbari Muhammad Ismoilovni samimiy qutlab, jamoa a’zolari mehnat faoliyatiga, shoirning ijodiga ulkan zafarlar tiladi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA