Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz
Navoiy kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi ishlab chiqarish bo‘linmalarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda 30-iyul – Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir Salim Ashur hamda filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborovlar Shimoliy kon boshqarmasi, “Auminzo – Amantoy” koni, 6- va 7-gidrometallurgiya zavodlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.


Uchrashuvlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, davlat mustaqilligining tarixiy ahamiyati, milliy adabiyotning inson ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni, kitobxonlik madaniyatini shakllantirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Ijodkorlar tomonidan Vatan, mustaqillik, tinchlik va xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi she’rlar hamda samimiy fikr-mulohazalar yig‘ilganlarga katta taassurot qoldirdi.

– Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarda iqtisodiy taraqqiyot bilan bir qatorda inson ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan, ishlab chiqarish jamoalarida ma’naviy-ma’rifiy muloqotlarni muntazam tashkil etish muhim ahamiyatga ega, – deydi 7-gidrometallurgiya zavodi kadrlar bo‘limi mutaxassisi Ashur Aliyev. – Korxonamizda bugun tashkil etilgan ijodiy uchrashuv juda mazmunli va qiziqarli o‘tdi. Mashaqqatli mehnatdan keyin bunday muloqotlar jamoamizga ko‘tarinki kayfiyat va kelajakka ishonch bag‘ishlaydi.


Tadbirlar davomida mehmonlar kombinatning ishlab chiqarish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi. Ular mutaxassislar hamrohligida tog‘ jinslarini qazib olish va tashish ishlari, zamonaviy konchilik texnikasi hamda ishlab chiqarishda joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalarni ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar mehnat jamoalarida yuksak ma’naviy muhitni qaror toptirish, milliy birlik va xalqlar do‘stligi g‘oyalarini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri