Navoiyda xalqaro payvandlash maktabi faoliyat boshladi
Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida Migratsiya agentligi tashabbusi bilan “Qizilqum” xalqaro payvandlash maktabi tashkil etildi.
Ochilish marosimida Migratsiya agentligi direktorining o‘rinbosari Elyor Toshtemirov, Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, xorijiy hamkorlar hamda soha vakillari ishtirok etib, mazkur loyihaning mamlakat mehnat bozori va aholi bandligini ta’minlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish va mehnat resurslarining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘qitish, fuqarolarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash hamda xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

– Kasb-hunar egallagan insonlarga mehnat bozorida doimo ehtiyoj katta, – deydi Migratsiya agentligi direktorining o‘rinbosari Elyor Toshtemirov. – Ayniqsa, xalqaro standartlar asosida tayyorlangan, zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan va til ko‘nikmalariga ega kadrlar uchun xorijiy kompaniyalarda munosib mehnat sharoitlari va yuqori daromadli ish o‘rinlari mavjud. Migratsiya agentligi tomonidan mamlakatning turli hududlarida ana shunday xalqaro o‘quv markazlari tarmog‘ini kengaytirish rejalashtirilgan. Bu esa mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash, aholi bandligini ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha Rossiya Federatsiyasining “Svarteks Ufa” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Maktabning birinchi o‘quv guruhiga 31 nafar tinglovchi qabul qilindi. Ikki oylik o‘quv dasturi davomida ular elektr-dugali va argon payvandlash texnologiyalari bo‘yicha xorijiy mutaxassislar rahbarligida nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladi. Shuningdek, tinglovchilar uchun rus tili bo‘yicha qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etilgan.

O‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikat hamda 3-, 4-razryadli payvandchi guvohnomasi beriladi. Eng muhimi, bitiruvchilar Rossiya Federatsiyasidagi ish beruvchilarga yo‘naltirilib, ularning malakasi va ish tajribasiga qarab oyiga 1000 AQSH dollaridan 4500 AQSH dollarigacha maosh olish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, ayniqsa, sanoat, energetika, qurilish va mashinasozlik sohalarida yuqori malakali payvandchilarga ehtiyoj yil sayin oshib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, “Qizilqum” xalqaro payvandlash maktabining tashkil etilishi nafaqat mahalliy mehnat bozori, balki xalqaro mehnat munosabatlarida ham O‘zbekiston fuqarolarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri