Ichki ishlar organlarining faoliyat yo‘nalishlari muhokama qilindi
Shu kunlarda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash, bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish borasida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Barcha tashkilot va idoralarda eng ulug‘, eng aziz bayramimizga munosib hozirlik ko‘rilmoqda.
Bayram tadbirlarini o‘tkazishda joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimidan katta mas’uliyatni talab etadi. Shu maqsadda ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari polkovnik Diyorbek Sattorov hamda polkovnik Rustam Mirzayev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda yurtimiz mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, ma’muriy binolar, xizmat ob’ektlari hamda xodimlar xonadonlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bayramni yuqori tayyorgarlik asosida o‘tkazish, tadbirlar tashkil etiladigan ob’ektlarda osoyishtalikni, jamoat xavfsizligini saqlash ishlariga barcha bo‘linmalar, soha vakillari katta mas’uliyat bilan yondashishi, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida tashkil etishi lozim.

Shuningdek, yig‘ilishda ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash, komplayens tizimi, xizmat intizomi hamda qonunchilikni mustahkamlash, shu bilan birga, «Komplayens va ma’naviy madaniyat oyligi» doirasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 1–31-iyul kunlari respublika bo‘ylab ichki ishlar organlari tizimida o‘tkazilgan “Komplayens va ma’naviy madaniyat oyligi” doirasida hududlarda keng qamrovli o‘rganish va profilaktik tadbirlar tashkil etildi.
Soha vakillari o‘rtasida xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish madaniyatini yanada mustahkamlash, xizmat mas’uliyati va talabchanlikni oshirish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish, shuningdek, xizmat faoliyatida halollik, shaffoflik va adolat tamoyillarini keng qaror toptirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xodimlarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, ularning oilaviy muhiti va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, davlat tomonidan yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi.

Yig‘ilishda shuningdek, xodimlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ular o‘rtasida profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish hamda mazkur yo‘nalishdagi dolzarb vazifalar tanqidiy tahlil qilinib, mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Muhokamalar davomida vazir o‘rinbosarlari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib, hududiy ichki ishlar organlari mas’ul rahbarlarining hisobotlarini tingladi.
Yig‘ilish yakunida sohadagi ish samaradorligini yanada oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash hamda xizmat intizomini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlanib, mas’ul rahbarlarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
M.Komilova, O‘zA