Deputat ijtimoiy himoya va yirik investitsiya loyihalari bilan tanishdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida amaliy tashrif bilan bo‘lib, mahallalarda olib borilayotgan ishlar, ijtimoiy muassasalar faoliyati hamda hududda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bilan yaqindan tanishdi.
Deputatning dastlabki manzili tumandagi “Shamchiroq” mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” bilan uchrashdi. Uchrashuvda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mahallalar oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Xususan, aholi muammolarini xonadonbay o‘rganish, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash, tadbirkorlik va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, hududda ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Deputat G.Xalmuratova “mahalla yettiligi” a’zolarining o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishi, har bir xonadon va har bir oilaning muammosini aniqlab, uni hal etishga amaliy ko‘mak berish muhimligini ta’kidladi.

Shuningdek, mahallaning mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish hamda berilgan topshiriqlarning ijrosini tizimli nazorat qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi. Ma’lumot o‘rnida, mazkur mahallada 6 ming 200 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallaning drayveri asosan savdo yo‘nalishiga ixtisoslashtirilgan. Mahallada aholining bandligini ta’minlash, xotin-qizlar yoshlar masalasi, mahalla infrastrukturasini yanada yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, mahalladagi mavjud muammolar ham tinglandi. Xususan, aholi bandligini ta’minlash, tomorqa yerlarni sug‘orishda suv ta’minoti, davlat grantlari asosidagi loyihalarni amalga oshirish, xotin-qizlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga yo‘naltirish, hududda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Mazkur muammolarni atroflicha o‘rganib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi murojaatlarini joyida hal etish, shuningdek, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarning sifatli va samarali ijrosini ta’minlashga kelishib olindi.
Keyingi manzil keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun “Taxiatosh” sanatoriyasi bo‘ldi. Xalq vakili sanatoriyada dam oluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, sanatoriyada ishlovchi shifokor va hamshiralar bilan ham muloqot qildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur sanatoriyaning asosiy binosi uch qavatdan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman tibbiy-ijtimoiy bo‘limlari tomonidan yo‘llanma asosida keluvchi dam oluvchilar uchun jami 75 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bunga qo‘shimcha aholiga pullik xizmat ko‘rsatish bo‘limi 2009-yil aprel oyida 10 o‘ringa ochilgan, keyinchalik 25 o‘ringa kengaytirilgan, 2018-yili 37 o‘ringa kengaytirilgan va hozirgi kunga kelib 2023-yil aprel oyidan buyon 50 o‘rin bo‘lib faoliyat yuritib kelmoqda. Sanatoriyaning asosiy profili harakat-tayanch va asab tizimi kasalliklarini davolash uchun mo‘ljallangan.
2022-yili tender savdolari asosida aniqlangan Bosh pudratchi tomonidan rekonstruksiya ishlari to‘liq bajarilgan hamda bino foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumining qarori asosida to‘liq zarur inventarlar va mebellar bilan ta’minlandi. Qonunchilik palatasi deputati sanatoriya faoliyati bilan yaqindan tanishar ekan, bosh shifokor va davolovchi shifokorlar, hamshiralar bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini ham tingladi.
Kunning ikkinchi yarmida xalq vakili tumandagi “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalaridan biri "KEYCORE" mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxona tomonidan amalga oshirilayotgan “Sun’iy intellekt ma’lumotlar markazini qurish” loyihasi bilan tanishdi. Loyiha doirasida 22,99 gektar yer maydonida zamonaviy sun’iy intellekt ma’lumotlar markazi barpo etilib, 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mazkur investitsiya loyihasi hududda yuqori texnologiyalarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Mazkur loyiha nafaqat Taxiatosh tumani, balki butun hududning investitsion salohiyatini oshirish, yuqori texnologiyalarni joriy etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Deputat “Markaziy” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Tazabay stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan “Savdo va ko‘ngilochar maskan tashkil etish” loyihasi bilan ham yaqindan tanishdi. Loyiha doirasida 13 milliard so‘m investitsiya kiritilishi, 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, qurilish ishlarining belgilangan reja asosida olib borilayotganligi bo‘yicha ham fikrlar almashildi. Mazkur qurilish ishlari bilan yaqindan tanishar ekan, bunday yirik investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishi hudud iqtisodiyoti rivoji va yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri