Xovoslik sportchilar Turkiyada shohsupaga ko‘tarildi
Turkiyada Daun sindromli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan V xalqaro yengil atletika chempionatida Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 1-son sport maktabining tarbiyalanuvchilari 1 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritishib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishdi.
Inklyuziv sportni rivojlantirish, Daun sindromli sportchilarning jismoniy imkoniyatlarini namoyon etish hamda xalqaro sport hamkorligini kengaytirish maqsadida tashkil etilgan nufuzli musobaqada bir qator davlatlardan iqtidorli sportchilar ishtirok etdi.
Chempionatda xovoslik sportchilar yuksak tayyorgarlik va matonat namoyon qildi. Mustafo Faxriddinov 200 metrga yugurish bahsida barcha raqiblarini ortda qoldirib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va chempionlik shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Nargiza Qobilova esa ikki yo‘nalishda sovrindor bo‘ldi. U 200 metrga yugurishda kumush, yadro uloqtirish musobaqasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ziyodulla Sulaymonov esa nayza uloqtirish bahslarida ikkinchi natijani qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Azizbek Kulbekov 400 metrga yugurishda bronza medali sohibiga aylandi. Bu haqda Sirdaryo viloyat sport boshqarmasi ma’lum qildi.
Mazkur natija mamlakatimizda imkoniyati cheklangan sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib tayyorgarlik sharoitlarini yaratish va xalqaro musobaqalarda ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar samarasi sifatida baholanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri