"Navbahor" Turkiyada "Bashakshehir" darvozasiga to‘rtta gol urdi
Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borayotgan Namanganning "Navbahor" jamoasi navbatdagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida Istanbulning "Bashakshehir" klubiga qarshi o‘yin o‘tkazdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasidagi tanaffusdan unumli foydalanayotgan jamoalar xorijda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
Jumladan, Turkiyaning Antaliya shahrida yig‘in o‘tkazayotgan Namanganning "Navbahor" jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Istanbulning "Bashakshehir" klubi bilan maydonga tushdi.

Turkiya jumhuriyati birinchiligida katta mavqega ega bo‘lgan va kumush medallarni qo‘lga kiritgan yetakchi klub "Lochinlar" oldida ojiz qoldi. 4:2 hisobi qayd etilgan uchrashuvda "Navbahor" safida Husayn Norchayev va Ruslan Jiyanov ikki bor raqiblar darvozasini ishg‘ol etib, "dubl"ga erishdi.
Ma’lumot o‘rnida, "Bashakshehir" tarkibida yaqindagina mundialda qatnashgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Eldor Shomurodov va Abbos Fayzullayev harakat qiladi. Ammo ular ayni vaqtda yurtimizda bo‘lib turishgani bois ushbu o‘yinda qatnashmadi.

O‘z navbatida, jahon chempionatida terma jamoamiz safida Vatanimiz sharafini himoya qilgan darvozabon O‘tkir Yusupov hamda hujumchimiz Ruslanbek Jiyanov “Navabahor” ixtiyoriga qaytib, klubning nazorat o‘yinida maydonga tushdi.
Eslatib o‘tamiz, Temur Kapadze boshchiligidagi "Navbahor" klubi Turkiya yig‘ini doirasida bundan avvalgi nazorat bahsida Ozarbayjon vitse-chempioni – "Zira" klubini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA