“SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026”: Nodirbek Abdusattorov rapid yo‘nalishida 4-o‘rinni egalladi
Xorvatiyaning Zagreb shahrida davom etayotgan “SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026” musobaqasining rapid yo‘nalishidagi musobaqalar yakunlandi.
Kecha o‘tkazilgan 7-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda amaldagi Jahon chempioni Dommaraju Gukesh bilan durangga imzo chekkan bo‘lsa, 8-turda oq donalarda Alireza Firuzjani, 9-turda qora donalarda xorvatiyalik Ivan Sarichni mag‘lub etdi.
Ushbu natijalardan keyin Nodirbek Abdusattorov rapid yo‘nalishidagi 9 ta tur o‘yinlaridan so‘ng 10 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 4-o‘rinni egalladi.
Mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat “Grand Chess Tour” tizimidagi “SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026” musobaqasining rapid yo‘nalishida 12 ochko jamg‘argan Alireza Firuzja va hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa hamda 11 ochkoga ega fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav sovrinli o‘rinlarni band etdi.

Bugun, 4-iyul kuni turnirning blits musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Kun davomida 1-9-tur o‘yinlari tashkil etilib, turnirda qatnashayotgan 10 nafar shaxmatchi o‘zaro kuch sinashadi. Blits musobaqalarining 10-18-tur o‘yinlari ertaga o‘tkaziladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA