Tarixni anglash – Vatanni anglash demak
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish, xalqimizning boy tarixi va madaniy merosini keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining “Ilmiy-texnik va xodimlarning malakasini oshirish markazi” filialida tizim tashkilotlaridan kelib tahsil olayotgan tinglovchilar uchun navbatdagi ma’rifiy tashrif uyushtirildi. Ishtirokchilar Temuriylar tarixi davlat muzeyiga borib, buyuk ajdodlarimizning boy tarixi, davlatchilik an’analari va yuksak ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishdi.
Sayohat davomida tinglovchilar Amir Temur va Temuriylar davriga oid noyob tarixiy eksponatlar, qadimiy qo‘lyozmalar, qurol-yarog‘lar, milliy madaniyat va san’at namunalarini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Shu bilan birga, mazkur davrda davlat boshqaruvi, harbiy san’at, ilm-fan, me’morchilik, adabiyot va madaniyat sohalarida qo‘lga kiritilgan salmoqli natijalar haqida batafsil ma’lumot oldi.
Muzey ekspozitsiyalari tufayli Amir Temurning markazlashgan davlat barpo etish, yurt tinchligi va obodligini ta’minlash, ilm-fan hamda madaniyat taraqqiyotiga e’tibor qaratish borasidagi faoliyati haqida atroflicha tushuncha berildi. Xususan, Temuriylar davrida ma’rifat va ilm-fanning yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgani, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari buyuk siymolarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi xususida fikr yuritildi.
Tashrif chog‘ida ishtirokchilar ajdodlarimizdan qolgan bebaho tarixiy va ma’naviy merosning bugungi avlod hayotidagi o‘rni xususida o‘zaro fikr almashdi. O‘tmishni chuqur o‘rganish, buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish va ularning munosib vorislari bo‘lish har bir insonda yurt taqdiriga daxldorlik, mas’uliyat va fidoyilik hislarini kuchaytiradi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, tarixiy xotirani asrab-avaylash, milliy o‘zlikni anglash hamda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tarixni bilish – o‘zligimizni anglash, ajdodlar merosini qadrlash va Vatan ravnaqi uchun mas’uliyatni chuqur his etish demak.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA