Milliy maqom san’atining zabardast vakili
San’atkor eng baland notalar va avjlarni hech qanday zo‘riqishsiz, erkin, tiniq va yuksak mahorat bilan ijro etadi. Murakkab maqom yo‘llaridagi avjlarni ovoz sifatini yo‘qotmagan holda mohirona ayta olishi uning eng katta ustunliklaridan biridir.
Ilyosbek Arabov o‘zbek milliy maqom san’ati va an’anaviy xonandalik maktabini yangi bosqichga olib chiqqan, dunyo sahnalarida o‘zbek madaniyatini baland pardalarda tarannum etayotgan noyob iste’dod egasidir. Uning ijodiy qiyofasi vokal mahorati, yuksak sozandalik madaniyati hamda ilmiy-pedagogik faoliyati uyg‘unligi bilan ajralib turadi.

Ilyosbek keng diapazonli, shirali va jozibador ovoz sohibi. U Shashmaqomning murakkab yo‘llarini, katta ashula va xalq qo‘shiqlarini yuksak did, nozik his va chuqur falsafiy mazmun bilan ijro etadi.
Xonandalik bilan birga, dutor cholg‘usini ham virtuoz darajada chaladi. Buxoro va Toshkent-Farg‘ona maqom yo‘llaridagi soz va so‘z mutanosibligini o‘z ijrosida mukammal namoyon eta olishi uning muxlislari tomonidan yuksak qadrlanadi.

Ustoz-shogird an’analariga tayanib, Alisher Navoiy, Fuzuliy va Bobur g‘azallari bilan ishlashda so‘zlarning ma’nosi, talaffuzi va ruhiy ta’siriga alohida e’tibor qaratadi. Shu bois uning ijrosida musiqa va she’riyat bir-birini to‘ldirib, yaxlit badiiy manzara kasb etadi.
Ilyosbek Arabov Fransiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda o‘zbek maqomining boy merosini chet ellik tinglovchilarga tushunarli va ta’sirchan tarzda yetkaza olgan global san’atkordir. Jahonga mashhur xonanda Sami Yusuf bilan bir sahnada kuylagan ilk o‘zbek maqomchisi sifatida Sharq musiqasini zamonaviy va xalqaro miqyosda yangicha talqin qildi.

Londondagi SOAS universiteti kabi nufuzli oliygohlarda mahorat darslari o‘tib, maqomni nafaqat ijro san’ati, balki ulkan akademik va ma’naviy meros sifatida targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shdi.
Ayniqsa, uning ijodida milliylik va zamonaviylik uyg‘unligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. U an’anaviy maqomning asl ruhini saqlagan holda, uni bugungi avlod va xalqaro tinglovchilarga yaqinlashtirishga intilmoqda. Bu esa san’atkor ijodining eng muhim va e’tiborli jihatlaridan biridir.
Ilyosbek Arabovning har bir ijrosida ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan musiqiy tafakkur, milliy ruh va badiiy did mujassam. Uning sahnadagi har bir chiqishi yosh avlodni milliy san’atga mehr qo‘yishga, maqomning beqiyos imkoniyatlarini anglashga undaydi.

Bugungi kunda Ilyosbek Arabov Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori va kafedra mudiri sifatida yangi avlod maqomchilarini tarbiyalamoqda. San’atkor «Mug‘om olami» xalqaro festivali g‘olibi sifatida milliy san’atimizning munosib vakillaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. U o‘tmish ajdodlar merosiga cheksiz hurmat va zamonaviy dunyo musiqasi bilan uyg‘unlikda rivojlanayotgan haqiqiy san’atkor timsolidir.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti o‘qituvchisi Ilyosbek Arabov “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.
— Mamlakatimizda milliy maqom san’atini ravnaq toptirish borasida misli ko‘rilmagan ijobiy tashabbuslar ilgari surilmoqda, — dedi O‘zbekiston xalq artisti, mohir ijrochi Ilyosbek Arabov. — Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etilib, bugungi kunda mazkur oliygoh mamlakatimizning musiqa san’ati sohasidagi eng yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan sanaladi. Milliy maqom san’atimizni targ‘ib etish va rivojlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar ma’naviyatga e’tibor qaratish yo‘lidagi eng muhim va xayrli tashabbuslardandir.

Bugun Ilyosbek Arabov nafaqat mohir xonanda va sozanda, balki milliy musiqa merosimizni asrab-avaylash, uni ilmiy o‘rganish va kelajak avlodga yetkazishga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi ustozdir. Uning serqirra faoliyati maqom san’atining bardavomligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
San’atkorning ijodiy yo‘li — milliy merosga sadoqat, ustozlar an’anasiga ehtirom va yangilikka intilishning yorqin namunasi. Uning betakror ovozi va yuksak ijro mahorati o‘zbek maqom san’atining jahon sahnasidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilayotir.
Ilyosbek Arabovning san’atdagi har bir yutug‘i — milliy musiqa madaniyatimizning ham yutug‘i. Zero, maqom xalqimizning asrlar osha sayqal topgan ma’naviy xazinasi bo‘lsa, uni bugungi dunyoga munosib tarzda tanitish, kelajak avlodga yetkazish kabi sharafli vazifa ana shunday fidoyi ijodkorlar zimmasidadir.
Nazokat Usmonova, O‘zA