Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik
Sport – tinchlik elchisi, degan gapni tez-tez eshitamiz. Badiiy adabiyot ko‘ngil elchisi ekaniga esa, ehtimol, ko‘pchilik e’tibor bermas. Kitob kirib borgan xonadonda ma’rifat, ilm-u urfon o‘qirman ko‘ngliga sog‘intirib ochilgan guldek yorug‘lik ila go‘zal tuyg‘ular baxsh etadi.
Til va millat bor ekan, adabiy aloqalar uzilmaydi. Mana, olti asrki, o‘zbek va ozarbayjon xalqlari adabiy hamkorligi bardavom. Bugungi tezkor zamonda bu aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani 1929-yil qardosh ellar orasida birinchi bo‘lib ozar tiliga o‘girilgan. Bu buyuk asar Bokuda 2023-yil qayta nashr etildi.

Toshkentda “XX asr Ozarbayjon she’riyati antologiyasi”, qardosh el yozuvchilarining hikoyalari to‘plami – “Umrdan uzun kecha nashr etildi.
Olim va tarjimon, filologiya fanlari doktori Ramiz Asqar atoqli shoir va hukmdor Husayn Boyqaroning “Devon”i, Zahiriddin Muhammad Boburning saylanma asarlari va “Boburnoma”si, shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning “Xamsa”si, zamondosh shoira Xosiyat Rustamovaning “Majnuntol” kitobini ozar tiliga o‘girib, shu kitoblarga so‘zboshi, qayd va sharh yozdi, lug‘at tuzdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “So‘z chamani” nomi bilan atoqli shoir Fuzuliy g‘azallaridan iborat devon chop etildi. Uyushma a’zosi, iste’dodli shoir va tarjimon, marhum Karim Bahriyev Mirza Aliakbar Sobirning “Xo‘p-xo‘pnoma” devonini tarjima qildi.
Ozar adabiyotida navoiyshunoslik yo‘nalishi alohida o‘rin tutadi. Jumladan, Faridunbey Ko‘charli, Hamid Arasli, Panoh Xalilov, Jannat Nagiyeva, Xalil Riza Uluturk, Komil Vali Narimon o‘g‘li, Ramiz Asqar, Tarlon Quliyev, Olmos Ulviy singari olimlarning Navoiy ijodi bilan bog‘liq tadqiqoti nafaqat mahalliy, balki o‘zbek adabiyotshunosligi uchun ham muhim adabiy voqelikka aylandi. Hazrat Navoiy ijodi Ozarbayjonda o‘rganilishida filologiya fanlari doktori Olmos Ulviyning ilmiy izlanishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, taniqli olima o‘zbek adabiyotiga doir 150 dan ziyod maqola yozgan.

Adabiyotimiz Ozarbayjonda tanilishi jarayoniga Salim Bobulla o‘g‘li, Shohmamad Tog‘lar o‘g‘li, Akbar Qo‘shali, Intiqom Yashar kabi shoirlar ham munosib hissa qo‘shgan.
Usmon Qo‘chqorning Ozarbayjon adabiyotidan tarjimalari juda salmoqli. Uning Mirza Jalil, Muhammad Hodiy, Anor, Husayn Jovid, Yunus O‘g‘uz, Salim Bobulla o‘g‘li, Ja’far Jabborli kabi mumtoz adabiyot vakillari ijodiga murojaat qilgani e’tirofga loyiq. Xususan, tilimizga o‘girilgan Husayn Jovidning “Iblis”, “Amir Temur”, “Shayx San’on” asarlarini O‘zbekiston adabiy muhiti juda iliq qarshi oldi. Shu tariqa adabiy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.

Boboxon Muhammad Sharifning zamonaviy ozarbayjon adabiyotidan qilgan tarjimalari salmog‘i jihatidan e’tiborga molik. U ozarbayjon adibasi Parvin Nuraliyevaning turli nasriy asarlari va hikoyalarini o‘zbek kitobxonlariga taqdim etgan, ozarbayjonlik mashhur tarixchi va sharqshunos olim Ziyo Buniyotovning Markaziy Osiyo tarixiga oid yirik, qimmatli “Anushteginiy – Xorazmshohlar davlati (1097-1231)” fundamental tarixiy asarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
“Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 16 jildi ozarbayjon adabiyotiga bag‘ishlangani aloqalarimiz nechog‘li boyligidan darak. Buyuk Ganjaviy bitiklaridan boshlangan ushbu mehnat mahsuli Fuzuliy, Nasimiy, Hayron xonim kabi mumtoz adabiyot vakillari, shuningdek XX asrda ijod qilgan atoqli adiblar Mamedsaid O‘rdubodiy, Muhammad Hodiy, Yusuf Chamanzaminli, Jalil Mamatqulizoda, Samad Vurg‘un, Mirza Ibrohimov asarlari bilan davom etadi, zamonaviy ozar adabiyoti yorqin vakillari Anor, Salim Bobullo o‘g‘li, Ramiz Ravshan, Akbar Qo‘shali va boshqa ko‘plab ijodkorlar qalamiga mansub asarlar bilan yakunlanadi.

Bugun O‘zbekistonda ozarbayjon adabiyotining Tohir Qahhor, Dilbar Haydarova, Mamatqul Hazratqulov, Rustam Jabborov, Shahlo Qosimova, Rahmat Bobojon kabi faol tarjimonlari bor.
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, filologiya fanlari doktori Yashar Qosim 2025-yil nashr qilingan “Yangi o‘zbek she’riyati jilolari” kitobida o‘tgan asr 70-90-yillari o‘zbek she’riyatini tadqiq etib, yigirmaga yaqin shoir ijodini tahlil qilgan.
Bugungi kunda o‘zbek adabiyotini faol targ‘ib etayotgan ko‘plab ozar adabiyotshunos, shoir, yozuvchi va tarjimonlari, xususan Anar, Olmos Ulviy, Ramiz Asqar, Akif Azalp, Akbar Qo‘shali mamlakatimiz Yozuvchilar uyushmasi, yurtimizda Ozarbayjon bilan adabiy aloqani rivojlantirish yo‘lida xizmat qilayotgan o‘zbek ijodkorlari, xususan Xayriddin Sulton, Ismat Ko‘chiyev, Risolat Haydarova, G‘ayrat Majid, Xosiyat Rustamova esa qardosh el Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zoligiga qabul qilingan.

Taniqli shoir, tarjimon Tohir Qahhor Ozarbayjon xalq shoiri Xalil Rizo she’rlari tarjimasi uchun o‘tgan yil Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi.
Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anor, taniqli tarjimon Ramiz Asqar, shoir Akif Ozalp O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayid hamda yozuvchi va publitsist Ismat Ko‘chiyev adabiy rishtalarni rivojlantirish yo‘lidagi xizmati uchun Bokuda “Ozarbayjon do‘sti” ordeni bilan taqdirlangan.

O‘zbekistonlik yosh shoirlar har yili Shusha shahrida bo‘lib o‘tadigan she’riyat festivalida ishtirok etib keladi.
2026-yil TurkSOY tashabbusi bilan Ozarbayjonda “Voqif she’riyati kunlari” doirasida bo‘lib o‘tgan Turkiy dunyo yosh shoirlari festivalida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Islom Ali 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur anjumanda yosh o‘zbek shoirasi Madina Norchayeva, yosh qoraqalpoq shoiri Olloyor Darmenov ijodi yuqori baholandi.

Xullas, ko‘p asrlik o‘zbek-ozar adabiy hamkorligi bugun tarixan juda faol davrni boshdan kechirmoqda. Ezgu niyatimiz – abadiy do‘stlikka aylangan bu adabiy aloqalar mudom rivoj topaversin.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA