Tabiatni “eshitish” imkonini bergan performans Toshkentda namoyish etildi
Karlos Kasas — kino, vizual san’at, tovush va ekologik tadqiqotlar chorrahasida ijod qiluvchi rassom va rejissyor.
U o‘z ijodida landshaftlar, ekotizimlar va ularda yuz berayotgan o‘zgarishlarga murojaat qilib, hujjatli materiallar, dala yozuvlari va turli audiovizual shakllardan foydalanadi. Ijodkor ko‘p yillar davomida tabiiy va antropogen o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan hududlarni bevosita o‘rganib kelmoqda. Kasas to‘plagan materiallarni badiiy loyihalarga aylantirish orqali inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni yangicha anglash imkonini yaratadi. Karlos Kasasning ijodiy faoliyati san’at, kino, ovoz va atrof-muhit tadqiqotlarini o‘zida mujassam etadi.
Toshkentda rassom va rejissyor Karlos Kasasning jonli audiovizual performansi namoyish etildi. Tadbir Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining “Green University” huzuridagi “ARTepa” galereyasida bo‘lib o‘tdi. Performans asosini rassom so‘nggi 25 yil davomida dunyoning turli hududlarida to‘plab kelayotgan “Dala tadqiqotlari” (“Fieldworks”) arxivi materiallari tashkil etdi. Chiqish davomida rassom tasvirlar, dala yozuvlari va atrof-muhit tovushlarini real vaqt rejimida birlashtirib, ularni doimiy ravishda o‘zgarib turuvchi audiovizual kompozitsiyaga aylantirdi.
“Dala tadqiqotlari” loyihasi inson va atrof-muhit o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga bag‘ishlangan. Unda landshaftlar va ekotizimlarda yuz berayotgan o‘zgarishlar tadqiq etiladi. Cho‘llanish, iqlim o‘zgarishi, biologik turlarning yo‘qolishi va tabiiy hududlarning transformatsiyasi loyihaning asosiy mavzularidan hisoblanadi.
Performansning o‘ziga xos jihati shundaki, unda landshaft faqat vizual obraz sifatida emas, balki tovush, tasvir, xotira va bevosita ishtirok orqali idrok etiladigan tirik tizim sifatida namoyon bo‘ldi. Turli geografik va ekologik sharoitlarda to‘plangan materiallar yagona makonda birlashtirilib, atrof-muhitning o‘ziga xos hissiy xaritasini shakllantirdi. Shu tariqa, san’at ekologik jarayonlarni anglash vositasiga aylanib, tabiatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga yangicha nigoh bilan qarash imkonini berdi. Audiovizual format esa tomoshabinga nafaqat landshaftlarni kuzatish, balki ularni tinglash, dinamikasi va nozik jihatlarini his qilish imkonini yaratdi.
Tadbir “Green University” huzuridagi “ARTepa” galereyasi va “Art Station” tomonidan DAVRA tadqiqot guruhi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining (SDC) “Central Asia Art and Culture Programme” (CAACP) dasturi hamda “Art Station: so‘z erkinligi, ijodiy san’at, inklyuziv muloqot va jamiyat taraqqiyoti chorrahasi” loyihasi ko‘magida amalga oshirildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA