Talaba-sportchi “SMART KURASH” loyihasini taqdim etdi
Bugungi kunda mamlakatimiz sport ta’limida “Ilm — innovatsiya — sport — yutuq” zanjiri asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi natijasida sportchilarning mashg‘ulot jarayoniga yangicha tamoyillar joriy etilmoqda.
Mazkur ilmiy xulosalar, takliflarni bevosita mashg‘ulotlarda sinovdan o‘tkazish asosida xalqaro musobaqalarda tatbiq etish borasida murabbiy-mutaxassislar izlanishlar olib bormoqda.
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Nafisa Ravshanova tomonidan milliy kurash sportini raqamlashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan “SMART KURASH” loyihasi ham ayni harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Aytish lozim, “SMART KURASH — raqamli murabbiy” loyihasi yakka kurash turlari bo‘yicha sportchilarning harakatlarini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida tahlil qilish imkonini taqdim etishi bilan ahamiyatlidir.
Yosh tadqiqotchining murabbiylari ko‘magida ishlab chiqqan mazkur loyihasi oddiy video tahlil tizimlaridan farqli ravishda ishlab chiqilayotgan maxsus biomexanik modellar yordamida kurashchining harakatlari smartfon kamerasi yoki maxsus sensorlar orqali real vaqt rejimida kuzatiladi.
Tizim sportchining harakatlarini tahlil qilib, aniqlangan xatolar yuzasidan ovozli yoki vizual signal orqali tavsiya va ko‘rsatmalar beradi. Bu esa sportchiga texnik harakatlarini tezkor ravishda to‘g‘rilash va mashg‘ulot samaradorligini oshirish imkonini yaratadi.
“SMART KURASH” loyihasi sport natijadorligini oshirish, murabbiylik faoliyatini zamonaviy texnologiyalar asosida optimallashtirish hamda sport ta’limiga sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA